Amerika qurollari ortilgan uchinchi samolyot Kiyevga qo‘ndi
Kiyevga AQSh qurollarining yangi partiyalari yetib kelyapti - bu keyingi kunlarda uchinchi samolyot bo‘ladi. Shuningdek, Ukraina Buyuk Britaniya va Boltiqbo‘yi davlatlaridan ham harbiy yuklar olmoqda.
NATO davlatlari Ukraina atrofida vaziyatning keskinlashuvi fonida Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborilishini e’lon qildi. Daniya, Ispaniya harbiy kemalar jo‘natgan va Litva hamda Bolgariyaga qiruvchi samolyotlar yuborishni rejalashtirmoqda. Niderlandiya aprel oyida Bolgariyaga ikkita "F-35" qiruvchi samolyotini yuborishga qaror qilgan, Fransiya Ruminiyaga qo‘shin yuborishga tayyor.
Amerika ommaviy axborot vositalari Qo‘shma Shtatlar Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Sharqiy Yevropada bir necha ming amerikalik askar, shuningdek, kema va samolyotlarni joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi. Pentagon prezident Jozef Baydenga vaziyat yomonlashgan taqdirda guruh sonini o‘n barobarga oshirish imkoniyati bilan bir mingdan besh minggacha qo‘shin jo‘natish bo‘yicha bir nechta variantni taklif qilmoqda.
Yevropa esa Rossiyani deeskalatsiyaga chaqirishda davom etmoqda. Hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron juma kuni shaxsan Vladimir Putin bilan vaziyatni muhokama qilishga tayyor.
"Paralel ravishda biz tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda umumiy javob tayyorlayapmiz. Lekin tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda javob choralari natijasi juda qimmatga tushishi mumkin", deydi Emmanuyel Makron.
Berlin nafaqat o‘zi Kiyevga qurol yetkazib bermagani, balki Estoniyaga Germaniyada ishlab chiqarilgan qurollarni u yerga yuborishni taqiqlagani uchun Yevropa qo‘shnilari tomonidan tanqid qilinmoqda.
Olaf Shols, Germaniya kansleri:
"O‘tgan yillar davomida federal hukumat bir necha bor halokatli qurollarni yetkazib berishdan bosh tortdi. Bu - so‘nggi yillar va o‘n yilliklar voqealari bilan izohlanadi. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda biz Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va demokratiya rivoji bo‘yicha moliyaviy imkoniyat, xalqaro majburiyatlarimiz doirasida ko‘p ishlarni amalga oshirdik.
Kreml davom etayotgan axborot kampaniyasiga hech qanday aloqasi yo‘qligini va xavfsizlik bo‘yicha takliflariga AQShdan yozma javob kutayotganini takrorlamoqda.
Dmitriy Peskov, Rossiya prezidentining matbuot kotibi:
"Keyingi bosqichdagi muzokaralar yakunlandi. Amerikaliklar Rossiyaning «Xavfsizlik kafolatlari» bo‘yicha takliflariga hozircha javob bermadi. Moskva esa shu hafta AQShdan hujjat olish umidida. Kelajakda muzokaralarni qanday va qachon davom ettirishimiz haqida tushuncha paydo bo‘lishidan oldin, biz o‘sha mashhur matnni olishimiz kerak.
Bugun Parijda Normand formatidagi Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya davlatlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu davlat rahbarlarining siyosiy maslahatchilari darajasida bo‘lib, ularning barchasi kelishini tasdiqlashgan.