Asadjon Xodjayev Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasidagi yig‘ilishda ishtirok etmoqda

Bugun Ozarbayjon poytaxti Bokuda Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasidagi yig‘ilish o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

Mazkur yig‘ilishda axborot va media sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish, o‘zaro tajriba almashish, xususan, Kengashga a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar, o‘quv-kurslari, press-turlar tashkil etish kabi masalalar muhokama etilmoqda.

Tashrif doirasida, bugun Asadjon Xodjayev Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori Karim Tohirov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda axborot-kutubxonachilik sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishda jahon tajribasini joriy etish kabi muhim masalalarda fikr almashildi.

Kunning yana bir muhim uchrashuvi Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Prezident Administratsiyasi Tashqi siyosat bo‘limi mudiri Xikmat Gadjiyev bilan o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida axborot va media sohasidagi hamkorlik muhim masalalardan biri ekani ta’kidlandi. 

AOKA rahbari, shuningdek, Ozarbayjon televideniye va radioeshitirishlari” YoAJ raisi Rovshan Mamedov bilan ham uchrashdi. Muloqot davomida tele-radio sohasidagi zamonaviy, ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish, ikki mamlakat jurnalistlarining o‘zaro tajriba almashishi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Asadjon Xodjayev Turkiy Kengash Bosh kotibi Bagdad Amreyev bilan ham uchrashdi va O‘zbekiston hamda Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Tashkil etilayotgan bu kabi yig‘ilishlar axborot sohasida yangi muvaffaqiyatlarga zamin bo‘lishi ta’kidlandi.