Asoslanmagan, noto‘g‘ri axborot tarqatgan fuqaro 6 sutkaga qamaldi

2020 yil 6 may kuni “Feysbuk” internet tarmog‘ida “Novosti Samarkanda” guruhida Ruslan X. nomi bilan qayd etilgan profil bilan “Urra xush xabar, ertaga karantin tamom majlisda Prezident aytdi” nomli noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatildi.

Olib borilgan surishtiruv natijasida “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi profil foydalanuvchisi Ruslan X. Samarqand shahar O‘zbekiston ko‘chasi 114“A”-uy, 9-xonadonda yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan Ruslan X. ekanligi aniqlandi.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB xodimlari Ruslan X.ning yashash manziliga borgan vaqtida, fuqaro ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan.

Fuqaro shahar 3-ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosiga olib kelinib, qoldirgan e’loni noto‘g‘ri ma’lumot ekanligi haqida rasman ogohlantirilgan.

Uning ichki ishlar xodimlariga nisbatan qilgan xatti-harakatlari va ko‘rsatgan qarshiliklari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi hamda 195-moddalari tartibida hujjatlashtirilib, Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga yuborilgan. Internet tarmoqlari orqali noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan Ruslan X.ga nisbatan 6 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB.