Paxtachilik uch nafar shaxs 15 sutkaga qamaldi. Ular farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlamagan

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-4-moddasiga asosan moddiy yordamga muhtoj voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sud hujjatiga asosan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.

Bu holat o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun talablarini bajarmagan fuqarolarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan shaxslarga oid hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga taqdim etilmoqda.

Xususan, byuroning Paxtachi tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan alimentdan qarzdor M.X.dan undiruvchi Sh.M.ga 52 million 105 ming so‘m, M.H.dan undiruvchi N.A.ga 39 million 774 ming so‘m, N.N.dan undiruvchi S.I.ga 20 million 476 ming so‘m undirish belgilangan.

Biroq farzandi ta’minotini umuman o‘ylamay qo‘ygan bu befarq otalar qarzdorlikni qonunda belgilangan muddat mobaynida to‘lamagan. Tegishli davlat idoralariga yuborilgan so‘rov xatlari orqali qarzdorlar nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmagan.

Aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga asosan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudida ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Biroq bunday qilmagan qarzdor otalarga nisbatan 15 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.

Shahzod Ochilov,

Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman bo‘limi davlat ijrochisi.