Urgutda deputatni haqoratlagan shaxs qamaldi

Maxsus komissiyaning qarori bilan inson uchun xavfli bo‘lgan “SOVID-19” virusining aholi orasida tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yilning 10 iyul kunidan boshlab Respublika hududida karantin qoidalari kuchaytirilgan edi.

Urgut tumanida istiqomat qiluvchi M.A. bundan bexabar ko‘rinadi.

Joriy yilning 2020 yil 10 iyul kuni soat 14:30larda fuqaro M.A. Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB, Milliy gvardiya va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat guruh tomonidan tumanning O‘rtaguzar mahallasi hududida aholining karantin qoidalariga amal qilishlarini nazorat qilish bo‘yicha harakatlaridan norozi bo‘lib, karantinli va inson uchun  xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz, mast holatda yurgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u mahalla markazida hech bir sababsiz xalq deputatlari Urgut tumani Kengashi deputati B.B.ni uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, tuman bo‘yicha IIO FMB va Milliy gvardiya xodimlarining aholiga nisbatan noqonuniy harakatlari bo‘yicha deputat sifatida hech qanday choralar ko‘rmayotganligini aytib, jamoat tartibini buzuvchi va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan mayda bezorlik sodir etgan.

Urgut tumani ma’muriy sudi raisi Akmal Alimovning ma’lumot berishicha, ushbu holat yuzasidan tuman IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Tuman ma’muriy sudining 2020 yil 21 iyuldagi qarori bilan fuqaro M.A. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu Kodeksning 34-moddasiga asosan unga nisbatan uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlandi.