“Ayollar o‘rtasida samarqandlik ilk grossmeyster bo‘lmoqchiman”

Keyingi yillarda mamlakatimizda shaxmatchilarning yangi avlodi yetishib chiqyapti. 

Jumladan, yaqinda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov hamda Javohir Sindorov jamoaviy bahsda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Olimpiadaning ayollar bahsida 12-o‘rinni egallagan terma jamoamiz vakillari tarkibida viloyatimiz sportchilari Afruza Hamdamova va Marjona Malikova ham munosib ishtirok etdi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi, shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni Marjona Malikovaning xalqaro darajadagi grossmeyster bo‘lishiga bir qadam qoldi. Marjona 2002 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 7 yoshidan shaxmat bilan shug‘ullanadi. Faoliyati davomida bir necha karra O‘zbekiston chempioni va sovrindori, xalqaro turnirlar ishtirokchisi bo‘lgan. 2022 yilda Qirg‘izistonda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan “G‘arbiy Osiyo shaxmat chempionati 2022” Osiyo chempionatida 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Ispaniyaning Sardegna shahrida o‘tkazilgan “Fide World  Junior Chess Championship 2022”  chempionatida, 2023 yil Qirg‘izistonda o‘tkazilgan “Issyk-Kul Open 2023” xalqaro shaxmat musobaqasida birinchi o‘rinni egallagan. Joriy yil Rossiyaning Kazan shahrida o‘tkazilgan  “BRIKS” jahon hamjihatlik olimpiada baxslarida blits va  rapid yo‘nalishlarida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

- Oilada to‘ng‘ich farzandman, ikki ukam bor, - deydi Marjona Malikova. - Ota-onam matematika fani o‘qituvchisi bo‘lgani uchun uyda ko‘p shaxmat o‘ynardi. Men esa ularni kuzatib, shaxmatning yurishlarini o‘rganman. Otam qiziqishimni ko‘rib, shaxmat to‘garagiga qo‘ygan va shug‘ullanishim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Ilk murabbiyim Viktor Ismailovdan shaxmat sirlarini o‘rganganman. Shaxmatda amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga muxlislik qilaman. Ko‘proq onlayn shaxmat o‘ynayman, bo‘sh vaqtimda sayr qilaman, musiqa eshitaman.

Faoliyatimga kelsak, 2022 yilda O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga qabul qilinganman va hozirda xalqaro toifadagi grossmeyster Tohir Vohidov murabbiyligida nufuzli musobaqalarda ishtirok etyapman. Yaqinda Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida jamoaviy ishtirokimiz yaxshi o‘tdi. 180 dan ziyod davlat shaxmatchilari ishtirok etgan olimpiadada 12-o‘rinni qo‘lga kiritdik va o‘zimizdan ancha kuchli bo‘lgan jamoalarga qarshi raqobat olib bordik. Men olti o‘yinda 2,5 ochko to‘pladim. Tan olish kerak, raqiblarimiz bizdan ancha kuchli edi, shunga qaramay yaxshi o‘yin ko‘rsatdik, deb o‘ylayman.

2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda o‘tkaziladi. Musobaqaga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Hozirda murabbiyim bilan kamchiliklarim ustida va  ko‘proq yangi debyutlar, yangi taktikalar, o‘yin vaqtidagi rejalar ustida ishlayapmiz. Samarqanddan xotin-qizlar o‘rtasida grossmeyster chiqmagan, lekin ayol masterlar bor. Men ham hozirda WIM (Woman International Master) shaxmat bo‘yicha xalqaro ayollar masteriman va bitta xalqaro ayollar grossmeysteri normasi bor. Yana ikkita shunday normani qo‘lga kiritsam, ayollar grossmeysteri bo‘laman. Kelajakdagi maqsadim grossmeysterlikka erishish va ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilish.

Marjona Malikova 2019-2023 yillarda Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida tahsil olgan. 2022 yilda erishgan yutuqlari e’tirof etilib, “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan. Ayni paytda Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti magistraturasi birinchi bosqich talabasi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.