Bankka kreditni qaytarishda imtiyozli davr beriladi
Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan viloyatimizdagi mavjud tijorat banklarida mijozlarning moliya muassasalariga tashrifini kamaytirish va masofaviy bank kanallaridan, shu jumladan internet-banking, tijorat banklarining mobil ilovalari, bankomatlar, bankning avtomatlashtirilgan depozit mashinalari va avtomatlashtirilgan ayirboshlash bankomatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Tijorat banklarining mobil ilovalari orqali Siz bank filialiga bormasdan turib:
- onlayn mikroqarzlar rasmiylashtirishingiz;
- kommunal va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishingiz;
- har qanday banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorliklarni qaytarishingiz;
- Xalqaro to‘lov tizimlari (Visa/UnionPay) kartalarini ochishga buyurtma berishingiz;
- xorijiy valyutalarni onlayn sotib olishingiz va sotishingiz;
- xalqaro pul o‘tkazmalarini masofadan turib bank kartalariga qabul qilishingiz;
- banklarning istalgan kartalariga pul o‘tkazishingiz;
- ortiqcha pul mablag‘larni omonatga qo‘yishingiz va ularni yechib olishingiz mumkin.
Hozirda viloyatimizda 408 ta bankomat (“Humo” tizimida 216 ta, “Uzkard” tizimida 192 ta) va 61 ta avtomatlashtirilgan ayirboshlash bankomatlari ishlamoqda. Tijorat banklari kassalarida yetarli miqdorda naqd pul zaxiralari mavjud bo‘lib, uzluksiz ravishda bankomatlar naqd pul mablag‘lari bilan ta’minlanmoqda.
“Humo” to‘lov tizimida ishlovchi terminallar va bank kartalari orqali 50 000 so‘mgacha bo‘lgan xaridlar uchun to‘lovlarni kontaktsiz (kartochkani qo‘ldan-qo‘lga bermagan holda, pin kodni termasdan amalga oshirish) imkoni mavjud.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida virusning naqd pullar orqali insondan insonga yuqishining oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan joriy yilning 24 martidan barcha bank muassasalari bank kassalariga kelib tushgan naqd pullar qayta sanalib, multivak apparati yordamida o‘rab-bog‘langandan so‘ng kamida bir hafta muddatda pul omborxonalarida alohida saqlangandan so‘ng chiqim qilish yuzasidan ko‘rsatma berilgan. Hozirda Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi va tijorat banklari filiallarida mazkur talab ijrosi bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shuningdek, kreditlarni qaytarish muddatlari grafiklarini kechiktirish bo‘yicha ham muayyan ishlar tashkil etildi. Xususan, koronavirus pandemiyasi holatlari ustuvor ravishda salbiy ta’sir qilayotgan sohalar, jumladan mehmonxona va turizm xizmati, transport, xususiy ta’lim, sport, ko‘ngilochar maskanlar va maishiy xizmatlar ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, faoliyati eksport-import bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlariga grafik bo‘yicha qarzdorliklari muddatini uzaytirish (restrukturizatsiya) bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan barcha kredit tashkilotlariga 2020 yil 1 oktyabrga qadar:
- joriy etilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdor - jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan real daromadlari va imkoniyatlari hamda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etish muddatlaridan kelib chiqib, kredit bo‘yicha to‘lovlarini qaytarish yuzasidan imtiyozli davr berish masalasini ko‘rib chiqish;
- jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning muddati o‘tgan qarzdorliklari kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslik borasida tavsiyalar berildi.
(Shu o‘rinda qarzdorliklarning faqat to‘lov muddati ma’lum muddatga kechiktirilayotganligiga urg‘u berib o‘tmoqchimiz. Ya’ni, qarzdorliklardan voz kechilmaydi, foizlar hisoblash to‘xtatilmaydi).
Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.