Banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qanday tashkil etilgan?
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ma’ruf G‘aniyev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tizimda korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
- Markaziy bank tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilgan, -deydi M.G‘aniyev. - Bank muassasalariga ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, xaridlarni amalga oshirishda korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va bartaraf etish amaliyotlari joriy qilingan. Pul va ichki valyuta bozorlaridagi operatsiyalar to‘liq bozor mexanizmlari asosida amalga oshirilmoqda.
Banklar tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, vaqt sarfi, ovoragarchilik va qog‘ozbozlikni cheklash maqsadida raqamli identifikatsiyalash, avtomatlashtirilgan skoring, kredit konveri, anderrayterlar guruhi kabi tizimlar hamda modulli kredit mahsulotlari joriy qilindi. Qarz oluvchilarning skoringini yanada takomillashtirish maqsadida bank axboroti tizimlari boshqa davlat muassasalari ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyasi ta’minlanmoqda. Aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan kreditlardan foydalanish uchun inson omili qatnashmagan holda www.oilakredit.uz va www.biznesportal.uz portali orqali kreditlar olish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ta’lim krediti olish istagidagi bo‘lgan talabalarga ham www.ta’lim-kredit.uz portallari orqali kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Bank plastik kartalardan foydalanuvchi fuqarolarga qulayliklar yaratish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida o‘rnatilgan bankomatlar soni 2022 yilda 929 donani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yilda 1110 donaga yetdi. 2024 yil 1 yanvar holatiga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 43 125 ta yuridik shaxslarning 32 107 tasiga (75 foizi) bank-mijoz dasturi orqali bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.