Bir guruh samarqandlik hojilar muborak ziyoratdan qaytdi

Bugun kunning birinchi yarmida Samarqand xalqaro aeroportida muborak Haj ziyoratini ado etib qaytgan bir guruh yurtdoshlarimiz alohida ehtirom bilan kutib olindi.

– 245 nafar samarqandlik hojilar muborak ziyoratni ado etib, qalblarida quvonch bilan vatanimizga qaytib keldi, - deydi viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Yoqubjon Mansurov. - Ulug‘ safar davomida vatandoshlarimiz Saudiya Arabistonining Madina va Makka shaharlarida bo‘lib, Haj amallarini mukammal ado etishdi. Arafot tog‘i, Mino va Muzdalifa vodiylarida ibodatlar chog‘ida bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Allohdan yurtimizga fayzi baraka, xalqimizga farovonlik, ertangi umidimiz bo‘lgan farzandlarimiz baxti, kamolini so‘rab, duolar qilishdi.

Bu yil viloyatimizdan 912 nafar fuqaroga ushbu muborak ziyoratni ado etish nasib etdi. Pandemiyadan keyingi cheklovlar olingani sababli, ular orasida 65 yoshdan oshgan nuroniylarning ham borligi quvonarlidir.

- Yoshim 68 da, karantin cheklovlari sabab Haj ziyoratini amalga oshirolmay qolamanmi, deb o‘ylangandim, - deydi urgutlik Almas hoji Umarov. – Shukur, biz, yoshi ulug‘lar uchun ham qisqa tanaffusdan so‘ng yana muborak ziyorat uchun yo‘l ochildi. Ko‘p yillik orzuim ro‘yobga chiqdi. Safar chog‘ida biz uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Samarqandlik hojilarning qaytishi uchun bugun va ertaga yana 2 ta aviaqatnov amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin SIDDIQOV.