Haj ziyoratiga borish - farz, lekin bu ziyoratga barcha borishi mumkin degani emas
Bugun, 30 iyundan Zulhijja oyi kirib keldi.
Zulhijja oyi haj oyidir. Bu oyda Islom arkonlaridan biri bo‘lgan haj farzi ado qilinadi. Turli yurtlardan musulmonlar Makka shahriga yig‘iladilar.
Zulhijjaning avvalgi o‘n kunida Ka’ba tavofida, Safo va Marva sa’yida, Zamzam bulog‘i yonida, keyin Minoda, Arofatda, Muzdalifada, Jamarotda ibodat, tilovat va duolar bilan mashg‘ul bo‘ladilar.
Hajga borolmagan musulmonlar o‘z yurtlarida ushbu o‘n kunni g‘animat bilmoqlari, ibodat va duolar bilan o‘tkazishlari maqsadga muvofiqdir.
Shu o‘rinda haj ibodati tartiblari haqida fikrlashsak.
Haj ziyorati islom dinining arkoni, mo‘min-musulmonlar uchun umrining muayyan bir davrida ado etilishi farz bo‘lgan muhim amal hisoblanadi. Hajga tijorat yoki sayohatni ko‘zlab emas, balki zimmadagi farzni ado etish, gunohlardan forig‘ bo‘lish uchun boriladi.
Fiqhiy kitoblarda bayon qilinishicha, Haj safarini ado etishni niyat qilgan kishi bir nechta shartlarga rioya etishi lozim. Jumladan, u balog‘at yoshida, sog‘lom va iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. Hajga otlangan insonning mablag‘i safar ehtiyojidan tashqari, oila ahlining shu davrdagi nafaqasiga ham yetishi zarur. Shuningdek, yo‘lning xavf-xatarsiz bo‘lishi ham hajning farz bo‘lish shartlaridan biridir. Ayol kishi esa yuqoridagi shartlarga qo‘shimcha ravishda faqat mahrami bilangina haj ziyoratini bajarishi mumkin. Agar kishida mazkur shartlardan birortasi bo‘lmasa, unga haj ibodatini ado etish farz bo‘lmaydi, balki zimmasidan soqit bo‘ladi.
Ulamolarimiz haj amalining qonun-qoidalarini bayon qilar ekan, kishi hajga borishga qodir bo‘lsa-da, ba’zi sabablarga ko‘ra, unga bu amal makruh bo‘ladi, deyishgan. Jumladan, hanafiy mazhabida ota-ona farzandning xizmatiga muhtoj bo‘lib, farzand ularning xizmatini qilish o‘rniga hajga otlansa, bu amal unga makruh hisoblangan. Shuningdek, tijorat maqsadida, riyo, manmanlik uchun qilingan hajning savobi bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham “Amallar niyatga qarab baholanadi”, deb marhamat qilgan.
Aytish joizki, Makkai mukarrama ilgari qiblagoh bo‘lmagan. Payg‘ambarimiz faqat 630 yilda qiblani Quddusdan Makkaga ko‘chganligini ma’lum qilgan. U bu xabarni ummatiga Madina shahrida, kechki namoz vaqtida aytgan. O‘zi Arabiston yarim orolida yashagan bo‘lsa-da, Payg‘ambarimiz umrida bir marotaba haj amalini bajargan ekan. Bu voqea 632 yilning 7 aprel kuni amalga oshgan. Ushbu haj ziyorati tarixda “Haj al-kabir” yoki “Haj al-vido” nomi bilan kirdi. Sababi, Rasullulloh shu safardan keyin Madina shahriga qaytib, olamdan o‘tdi.
Afsuski, bugun ayrim hojilarimiz bilib-bilmay jamoatchilikda “Haj al-kabir”ni ado etdik”, deyishmoqda. Bu noto‘g‘ri, albatta.
Xulosa shuki, muqaddas ziyoratni ado etish uchun nafaqat uning shartlariga mos kelish, balki zarur diniy bilimga ega bo‘lish ham zarur. Zero, haj amalini to‘liq ado etgan shaxs buyuk maqomga sazovor bo‘lar ekan, umrining qolgan qismini ham shu maqomga munosib o‘tkazmog‘i kerak.
Said-jamol Mir-Ja’farov,
Samarqand davlat universiteti katta o‘qituvchisi.