Bu yilgi haj ziyorati o‘zbekistonliklar uchun qanday amalga oshiriladi?
Keyingi ikki yil dunyoda keng tarqalgan virus sabab haj ibodatini ado etish hech bir musulmonga nasib qilmadi. Alhamdulillah, bu yil yana ka’bai muazzamani ziyorat qilib, islomning beshinchi arkoni bo‘lmish haj ibodatini bajarish uchun ziyoratga yo‘l ochildi.
Xo‘sh, bu yilgi haj ziyorati O‘zbekiston musulmonlari uchun qanday amalga oshiriladi? “Haj – 2022” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan o‘tkazilgan brifingda shu savolga javob izlandi.
Unda hajga doir bir qancha masalalar ochiqlandi. Jumladan, Saudiya Arabistoni tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng joriy yil O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 10 865 nafar etib belgilandi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 7 200 nafarni tashkil etgan edi. Joriy haj mavsumi uchun haj kvotasining oshirilgani, shubhasiz, yurtimiz ziyoratchilari uchun juda katta xushxabar bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi pandemiya hamon davom etayotgani tufayli “Haj – 2022” bayonotida bir qator talab va cheklovlarni e’lon qildi. Har mavsumda 4 milliondan ziyod ziyoratchi haj ibodatini ado etayotgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 1 milliondan ortiqroqni tashkil qilmoqda. Ziyoratchilar soni dunyo miqyosida shuncha cheklanishiga qaramay o‘zbekistonlik hojilar uchun kvotaning oshirilishi ham katta ne’matdir.
Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan qat’iy karantin talabga ko‘ra, “Haj-2022” mavsumida ishtirok etish yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi.
Umid qilamizki, ushbu yosh bo‘yicha cheklov vaqtincha bo‘lib, kelgusi haj mavsumlarida yoshi ulug‘ insonlarni ham bu muborak amalni ado etish saodatiga erishadilar, inshaalloh.
Shuningdek, haj safari narxlarida ham o‘zgarishlar bor. Qayd etilishicha, narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani, kommunal, transport, elektr energiyasi va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgani sabab bo‘lgan.
Albatta, haj ibodati faqat Yaratganning roziligi uchun bo‘lmog‘i lozim. Riyo va gunohlardan xoli, saxiylik hamda husni xulq ila ixlos bilan amalga oshirilgan haj – “hajji mabrur” deb ataladi.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili.