Bog‘ibaland mahallasidagi ko‘cha asfalt qilindi

Samarqand shahar Bog‘ibaland mahallasidagi Xoja Ishoqi Valiy ko‘chasi ko‘pdan buyon ta’mirga muhtoj, qishda loy, yozda chang edi. Har gal ulov o‘tganida havoga ko‘tarilayotgan chang aholi xonadonlariga borib urilib, yo‘l chetidan o‘tayotgan odamlar, o‘ynab yurgan yosh bolalar salomatligiga ziyon yetkazayotgan edi.

Yaqinda viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida mazkur ko‘chadagi holatga e’tibor qaratdi. Natijada ko‘chaning 210 metrlik masofasi “Toyloq tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi yo‘lsozlari tomonidan ta’mirlanib, sifatli asfalt qilindi. Bu ishlarga korxonaning 10 dan ortiq maxsus texnika va yuk tashuvchi mashinalari biriktirildi.

- Bu ko‘cha ko‘p yildan buyon ta’mirlanmagan edi, - deydi Bog‘ibaland mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon Abdusalomov. - Ayniqsa, yomg‘ir va qor yog‘ganida ko‘chada nafaqat avtomobillarning, balki aholining ham harakatlanishi qiyinlashardi. Viloyat hokimi E.Turdimovning topshirig‘i bilan ko‘chamizda obodonlashtirish ishlari olib borilgani va yo‘l asfalt qilinganidan mahallamiz ahli juda mamnun.