Bozorlar xususiylashtiriladi va tadbirkorlarga beriladi

Hozirda respublikamizdagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli.
Endi bozorlarni ham xususiylashtirish rejalashtirilyapti. Bu borada bugun, 27-mart kuni Prezident Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda gap bordi.
“Endi bu tartib ham o‘zgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, yer maydonlarini sotish bo‘yicha ham imkoniyatlar kengaytirilishi, jumladan, maydoni kichik bo‘lgan, uzoq vaqtdan beri sotilmay turgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqarilishi ta’kidlandi.