Braziliyada yana suv toshqini sodir bo‘ldi, qurbonlar bor

Braziliyaning shimoliy-sharqida 27-28 may kunlari kuchli yog‘ingarchilik sabab kuzatilgan suv toshqinida 35 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda «The Guardian» xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Pernambuko shtatida shanba kuni tushdan keyin kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Yomg‘ir tog‘ yonbag‘irlaridagi mahallalarni vayron qilgan. Hukumatiga ko‘ra, 765 kishi vaqtincha uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Dekabr oyi oxiri va yanvar oyining boshlarida Braziliya shimoli-sharqida joylashgan Baiya shtatida yomg‘ir sabab o‘nlab odamlar halok bo‘lgan va 10 minglab odamlar boshqa joyga ko‘chirilgan. Yanvar oyi oxirida janubi-sharqdagi San-Paulu shtatida suv toshqini oqibatida 18 kishi halok bo‘lgan.

Fevral oyida Rio-de-Janeyro shtati tog‘larida kuchli jala 230 nafardan ortiq aholining hayotiga zomin bo‘lgan.