Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Murod Muhammad Do‘st 1948 yil 12 aprelda Nurobod tumani Jom qishlog‘ida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da, so‘ng Moskvadagi adabiyot institutida tahsil olgan.

U “O‘zbekfilm” kinostudiyasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “O‘zbekkino” Davlat aksiyadorlik kompaniyasida faoliyat yuritgan.

Ijodi o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlanib, 1976 yilda “Qaydasan, quvonch sadosi?” nomli birinchi hikoyalar to‘plami  nashr etilgan. Shundan so‘ng adibning “Mustafo”, “Iste’fo”, “Dashtu dalalarda”, “Chollardan biri”, “Bir toychoqning xuni” kabi hikoya va qissalari bosildi. 1983 yilda “Galatepaga qaytish” qissasi e’lon qilindi. Murod Muhammad Do‘st 1988 yilda turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzuli haqida hikoya qiluvchi “Lolazor” romanini yaratdi. Bu asari uchun 1989 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Murod Muhammad Do‘st taniqli kinossenarist hamdir. Uning “Galatepalik avliyo”, “Dev bilan pakana”, “18-kvadrat”, "Po‘sht, arava” va “Ko‘rgim keladi”, “Ro‘yo” (“Akaxon”) singari ssenariylari asosida suratga olingan kinofilmlari bor.

Yozuvchi 1996 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni, 1999 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.