Bulung‘urda aholining 73,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, suv-oqova tizimi bilan esa...

- Bulung‘ur tumanidagi 55 ta mahallaning 10 tasida ichimlik suvi ta’minoti og‘ir.

- Tuman aholisining bor yo‘g‘i 12,3 foizi oqova suv xizmatidan foydalanadi.

- Tumanda homiylik va hashar yo‘li bilan 14.2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilgan.

Tumanda yashovchi qariyb 193 ming aholining 141 ming nafari, ya’ni 73,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolganlari kachalka, quduq, buloqlar hamda tashib keltirish orqali ichimlik suvini iste’mol qiladi. O‘tgan yili Changal-1 mahallasida 2 ta, Qo‘ng‘irot,  Mo‘g‘ol, Tegirmon qishloqlarida bittadan yangi suv inshootlari qurilib, 14,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Natijada 700 ga yaqin  xonadonda yashovchi 3,5 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. «Tashabbusli byudjet» dasturi asosida Elobod mahallasining Changal qishlog‘i aholisi eng ko‘p ovoz to‘plab suv inshooti qurish va tarmoq tortish loyihasida g‘olib bo‘lgan. Ayni vaqtda qurilish ishlari yakunlanib, hududdagi 90 ta xonadon aholisi ichimlik suvi bilan ilk bor ta’minlandi.

Beshqo‘ton mahallasida 2 ta ko‘cha, Mingchinor mahallasidagi Tumanovul qishlog‘i, G‘o‘bdin mahallasining Qizilqo‘rg‘on qishlog‘i kabi o‘nga yaqin qishloq va ko‘chalarda yashovchi fuqarolar va tuman hokimligining ko‘magi bilan hashar tashkil etib, 14,2 km ichimlik suv tarmog‘i tortish ishlarini yakunlashdi.

- Tumanda 197 ta suv inshooti va 208 ta artezian quduqlari bo‘lib, 498,7 kilometr suv tarmoqlari orqali aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda,- deydi «Samarqand suv ta’minoti» MChJ tuman bo‘limi boshlig‘i Bahriddin Fayziyev. – 55 ta mahalladan 15 tasi to‘liq, 30 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 10 ta mahalla aholisi muqobil manbaalar hisobidan ichimlik suvini iste’mol qiladi. Faqat tuman markazidagi mahallalarda yashovchi 3525 nafar ya’ni, 12,3 foiz aholigina oqova suv xizmatidan foydalanadi. Hozircha 3 ta oqova suv inshooti va 12,6 kilometr oqova suv tarmog‘i mavjud. Bu hududimiz uchun juda kam.

 

Bulung‘ur tumaniga press tur doirasida borgan jurnalistlar tuman hududidagi «Yangi O‘zbekiston» massivini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi inshoot hamda Kattaqishloq mahallasida endigina qurilishi boshlangan suvoqova tozalash nasos stansiyasi bilan yaqindan tanishdi.

Massiv hududida qurilgan suv ta’minoti inshooti bir vaqtning o‘zida 55 ta ko‘p qavatli uylardagi 1100 ta xonadondan tashqari 2 ta maktab va 3 ta bolalar bog‘chalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatiga ega.

- Ming kub hajmdagi yopiq suv havzasi 6 oy davomida qurilib foydalanishga topshirish arafasida, -deydi «Fayz Binokor Oltiariq» MChJ ish boshqaruvchisi Shodi Jumayev. – Ayni vaqtda zamonaviy asbob-uskunalarni o‘rnatish va tarmoqqa ulash ishlari olib borilmoqda. Suv oqova inshooti qurilishi ham tezkorlik bilan davom etmoqda. Quvvati ming metr kub bo‘lgan oqova suv tozalash inshooti va 12,8 kilometr oqova tarmoqlari qurilib, ishga tushgach, tumanning 11 ming ya’ni, 35 foiz aholisi mazkur tizimdan foydalanadi.

Tozalash inshooti to‘liq xalqaro standartlarga javob beradi, tozalangan suvlardan qishloq xo‘jaligida, sanoat, iqtisodiyotning boshqa qator sohalarda ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.