Buxoro shahar prokurori muddatidan oldin nafaqaga chiqarilgani aytilmoqda
Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishdan keyin o‘z lavozimiga qaytgan Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning muddatidan oldin nafaqaga chiqarilgani aytilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq unga nisbatan hayfsan e’lon qilingan edi.
Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi yakunlangani munosabati bilan Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan shahar prokurori 2020 yil 19 dekabrdan xizmat vazifasini bajarishga kirishgandi.
2020 yilning 11 dekabrida J.Fozilov Shavkat Mirziyoyev va Prezident Administratsiyasi rahbariga videomurojaat yo‘llab, xizmat tekshiruvi aslida bosh prokurorga aloqador bo‘lgan «Mustahkam Qurilish Development» qurilish kompaniyasi vakilini so‘roq qilishga chaqirishi ortidan boshlanganini aytgan edi.
Shundan so‘ng Bosh prokuratura munosabat bildirib, holat va prokurorning vajlari o‘rganib chiqilishi hamda xabar berilishini qayd etgandi. Mazkur holatni o‘rganish maqsadida Respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, xizmat tekshiruvi Prezident Administratsiyasi boshchiligida o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.