Buxoroga borish uchun qanday sabablar bor?

Obod ko‘chalar, har qadamda mehmonxona-yu xizmat ko‘rsatish shoxobchalari. Joylarda sayyohlar mahalliy aholidan ham ko‘proqdek tuyuladi. Ularni ko‘chada ham, restoran-u oddiy choyxonada ham uchratishingiz mumkin. Bu Toshkent yoki turizm markazi bo‘lgan Samarqand emas, balki bugungi Buxoroning manzarasi.
Viloyat bo‘ylab sayohatimizning ikki kuni Buxoro shahrida o‘tdi. Xo‘sh, nega Buxoroda sayyohlik tez rivojlanmoqda? Unda sayyohlarni jalb qilish uchun qanday yo‘l tutilyapti? Bu hududdagi muhit yoki aholining kayfiyatiga bog‘liqmi? Quyida kuzatuvlarimizdan qilgan ayrim xulosalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.
Mehmonxonalardan muammo yo‘q
Biz Buxoroning tarixiy obidalari yoki muqaddas qadamjolari haqida to‘xtalmoqchi emasmiz. Istagan odam ijtimoiy tarmoq orqali ham ular to‘g‘risida batafsil ma’lumot olishi mumkin. Keling, bu gal masalaga oddiy ko‘z bilan, sayyoh nigohi bilan qaraymiz.
Aytish joizki, sayyoh, u xoh mahalliy yo xorijiy bo‘lsin, borgan manzilida, avvalo, joylashish uchun mehmonxona qidiradi. Agar hududdagi mehmonxonalarda barcha toifa mehmonlarni qabul qilish uchun sharoit yetarli bo‘lsa, marra mezbonniki.
Shaharga kirib borganimizda bizning e’tiborimizni tortgan birinchi jihat ham shu bo‘ldi. Mehmonxonalar ko‘p va, eng asosiysi, ular qadimiy shahar ko‘rkiga putur yetkazmagan shaklda, zamonaviylik va milliylikni uyg‘unlashtirgan holda faoliyat yuritmoqda. Aytgancha, buxoroliklar shaharni eski va yangi shaharga ajratib aytishar ekan. Yangi shahardagi ko‘p qavatli zamonaviy mehmonxonalarda joylashsangiz ham turizm markazlariga piyoda yetib olish imkoniyati bor.
Ma’lumotlar fikrlarimizni tasdiqlaydi. 2024 yilda viloyatda 584 o‘rinli 17 ta mehmonxona, 422 o‘rinli 15 ta xostel, 411 o‘rinli 42 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq, turizm eksporti ham rivojlanib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili Buxoroga 1 million 745 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga qaraganda 125,8 foizga ko‘p. Mahalliy sayyohlar soni esa 4 million nafardan oshgan.
Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etayotgani, ayniqsa, shahar hududida katta bunyodkorlik ishlari olib borilayotganini ham ko‘rdik. Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil hududda loyiha qiymati 7,3 million AQSh dollarilik 4 ta mehmonxona, shuningdek xorijiy investitsiya asosida xalqaro talablarga mos ko‘p yulduzli 3 ta mehmonxona qad rostlaydi.
Piyoda sayr qilishdan huzurlanasiz
Buxoroning ko‘chalari keng va piyodalar uchun sharoitlar yetarli. Ularda kunduzi ham, tunda ham sayr qilib, Samarqand shahridagidek piyodalar yo‘lakchasini egallab olgan tadbirkor yoki reklama bannerlarini ko‘rmadik. Ko‘cha savdosi ham deyarli yo‘q. Albatta, tartib bor joyda sayyoh o‘zini xavfsiz va xotirjam his qiladi va uzoq vaqt shu yerda qoladi.
Tartib haqida gap ketganda, yana bir masalani eslab o‘tmasak bo‘lmaydi. Gap shundaki, Buxoroda kuzatuv kameralari juda ko‘p. Ularni deyarli har bir chorraha, svetofor va burchakda ko‘rasiz. Har holda bizga shunday tuyuldi. Bu ham xavfsiz turizm konsepsiyasining asosiy talablaridan biri.
Bunday sharoitda Buxoroning eski shahar hududida sayr qilish, ayniqsa, maroqli. Eski uylar, tor ko‘chalar bo‘ylab borarkansiz, o‘zingizni moziyga tushib qolgandek his qilasiz. Bu mashg‘ulot ham rejalashtirilmagan tartibda alohida turizm yo‘nalishiga aylangan, deyish mumkin. Faqat bir muammo bor. U ham bo‘lsa, aksar ko‘chalarning tunda yetarli darajada yoritilmasligi. Shu kunlarda sayyohlar kunning jaziramasini mehmonxonada o‘tkazib, tunda sayrga chiqishini hisobga olsak, ularga shaharning haqiqiy chiroyini ko‘rsatish, ya’ni tunda erkin harakatlanish uchun sharoit yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Chiqindi ham, chiqindi qutilari ham yo‘q
Ha, Buxoro ko‘chalarini aylanib, na chiqindi uyumlari va na chiqindi qutilarini topdik. Qiziq holat-a? Bu aholi maishiy chiqindilarni qayerga tashlaydi, degan savolni paydo qiladi. Ayni qiziqish asnosida azim kentni obodonlashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos tajriba bilan tanishdik.
“Aholi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati shu kunda viloyatning 2 ta shahri va 7 ta tumaniga sanitar tozalash xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanar ekan. Gap shundaki, u bir nechta tashkilotni birlashtirgan klaster bo‘lib, faoliyati chiqindini yig‘ishdan uni qayta ishlab, tayyor mahsulot olguncha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. 2018 yilda tashkil etilgan korxona bir kunda 400 tonna chiqindini qayta ishlab, 20 turga yaqin mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
— Haqiqatan, Buxoro ko‘chalarida chiqindi qutilarini ko‘rmaysiz, - deydi chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi “Maxsus avtoxo‘jalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher Nazarov. – Tashkilotimiz tomonidan “qo‘ng‘iroq” tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joylardan har hafta ikki marta chiqindi yig‘ishtirib olinadi. Bunda har bir hududda chiqindi aniq belgilangan vaqtda olib ketilishiga alohida e’tibor qaratamiz. Fuqarolar qaysi vaqtda ko‘chaga chiqindi olib chiqish kerakligini bilishadi. Xodimlarimizga ham ishiga qarab maosh berishni yo‘lga qo‘yganmiz. Ya’ni, ular o‘z vazifasini vijdonan bajarsa, daromadi ortib boradi. Ishimiz samaradorligining asosiy omillari shu.
Ko‘chalarni kezarkanmiz, aytilgan fikrlarning amaliy natijasiga guvoh bo‘ldik. Hovlida yashovchilar boshqa viloyatlardagidek chiqindisini ko‘chaga chiqarib qo‘ymagan. Ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun esa o‘zimizdagidek maxsus konteynerlar joylashtiriladigan inshootlar tashkil etilgan.
Bu hali hammasi emas. Ayni kunda Birlashgan Arab amirligining Tadweer Group kompaniyasi loyihasiga ko‘ra, Buxoro viloyatining 10 gektar yer maydonida qiymati 200 million AQSh dollariga teng chiqindi yoqish zavodi qurilishi boshlangani ma’lum qilindi. Mazkur loyiha orqali yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga ta’siri kamayadi va 363 million kW.h elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada viloyatdagi chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi va 21 ming xonadon elektr bilan ta’minlanadi.
Xullas, Buxoroda yangilik ko‘p. Eng asosiysi, bu yangiliklar birinchi navbatda aholining yashash sharoitini yaxshilash, qolaversa, hududning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun xizmat qilmoqda.
Asqar Barotov,
Fazliddin Ro‘ziboyev.