Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: Turizm Buxoroning asosiy drayveri

Buxoro ulkan turistik salohiyatga ega. Masalan, tibbiyot ilmining sultoni, buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan Afshona qishlog‘ini turizm shaharchasiga aylantirish rejalashtirilgan. Buxoro shahar Islom Karimov ko‘chasi “Gastro Bazar” va “Street Food” gastronomik ko‘chasiga aylantiriladi. G‘ijduvon tumanida “Qo‘rg‘on”, “Turizm mahallasi”, Vobkent tumanida “Shirin etnoturizm qishlog‘i” va Ahmad Donish ko‘chasida “Turizm ko‘chasi”ni tashkil etiladi.

- 2021 yilda pandemiya sharoitiga qaramasdan, turizm sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi, - deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobur To‘qsonov. - Xususan, 78 ta yangi katta-kichik mehmonxona ishga tushishi hisobiga ularning umumiy soni 415 taga yetdi. Pandemiyadan oldin viloyatga kelgan sayyohlar 3,2 millionga yetgan. O‘tgan yil esa sayyohlar soni qariyb 3 millionni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan ichki turizm qariyb 9,3 baravarga, xorijiy sayyohlar soniga nisbatan esa 3,6 baravarga ortdi. Mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida bu yo‘nalishda 20 dan ortiq (“Nasriddin Afandi”, “Sharq taomlari”, “Ipak va ziravorlar”, “Qovun sayli” va boshqa) madaniy tadbir va festivallar o‘tkazildi. 2026 yilgacha viloyatga keluvchi sayyohlar sonini 5 millionga yetkazish uchun yetarli infratuzilma, transport, ovqatlanish tarmoqlari yaxshilanmoqda.

2021 yil martda Hindistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya asosida qiymati 14 million dollarga teng, Buxorodagi ilk 5 yulduzli (Hyatt Regency brendi ostida) mehmonxona faoliyat boshladi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari mavjud emas

Bugungi kunda viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari mavjud emas. Shuning uchun 1,6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 3 ta shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etish ishlari olib borilmoqda.

2023 yilda G‘ijduvon va Peshku tumanlarida “ACWA Power” MChJ xorijiy korxonasi negizida 1,3 milliard dollarga teng bo‘lgan, quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi quriladi. Loyihalarni amalga oshirish hisobiga 200 ta ish o‘rni yaratiladi hamda 2000 ta ishlab chiqarish korxonasi uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Olot tumanida 2025 yilda Xalqaro moliya korporatsiyasi texnik ko‘magida quvvati 250 mega-vatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu stansiyalar yiliga 6,3 milliard kilo-vatt soat yoki viloyat ehtiyojiga nisbatan ikki barobar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Qishloq xo‘jaligi yetakchi tarmoqlardan biri

Hududining katta qismi Qizilqum cho‘llaridan iborat bo‘lishiga qaramasdan, viloyatda qishloq xo‘jaligi o‘sib borayotgan sohalardan hisoblanadi.

Bugungi kunda viloyatda 11 ta paxta to‘qimachilik, 13 ta g‘allachilik, 7 ta meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etilgan. Yil yakunigacha meva-sabzavotchilik tarmog‘ida yana 11 ta klaster korxonasi ish boshlaydi.

2021 yilda viloyat bo‘yicha 345 ming tonnadan ortiq paxta tayyorlandi, o‘rtacha hosildorlik 35,2 sentnerni tashkil etgan. Paxtadan 2,4 trillion so‘m daromad olingan. Paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan daromad 4,8 trillion so‘mni, sof foyda 2,3 trillion so‘mni, rentabellik darajasi 96 foizni tashkil qilgan.

- O‘tgan yil qishloq xo‘jaligi ekinlaridan aholimiz daromadlari 1,8 trillion so‘mni tashkil qildi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Asqar Javodov. - Ushbu ko‘rsatkichni joriy yilda 1,5 baravarga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Chorvachilik sohasi Buxoro viloyati uchun drayver hisoblanadi. Sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Shundan kelib chiqib, viloyatda o‘tgan yili 549 milliard so‘mlik chorvachilik loyihalari amalga oshirilgan bo‘lsa, bu yil 701 milliard so‘mlik 113 ta loyihani amalga oshirishni oldimizga vazifa qilib oldik.

Bundan tashqari, viloyatdagi chorva mollarining 93 foizi aholi xonadonlarida bo‘lganligi sababli aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish hisobiga veterinariya xizmatini ko‘rsatish, sut va go‘sht mahsulotlarini sotib olish va qayta ishlash, qisqa qilib aytganda, kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biridir.

Viloyatimizda suv ta’minoti juda murakkab. Tahlillarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun sug‘orish mavsumida 2755 million metr kub suv talab etiladi. Bu yilgi suv taqchilligi 624 million metr kub yoki talabga nisbatan suv ta’minoti kam bo‘lishi kutilmoqda.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish borasida 2021 yilda 17,840 ming gektar maydonda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

Mahallalar ixtisoslashtiriladi

“Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha 4870 gektar yer maydonida hokim yordamchilarining taklifi bilan kooperatsiyalarga biriktirilgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekildi.

544 ta mahallaning 120 tasi chorvachilik, 124 tasi dehqonchilik, 72 tasi bog‘dorchilik, 96 tasi savdo va xizmat ko‘rsatish, 19 tasi issiqxona hamda 15 tasi parrandachilik yo‘nalishlari hamda 98 ta mahalla boshqa sohalarga ixtisoslashtirildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini sanoat usulida rivojlantirish, sohaga klaster tizimini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda Yevropa davlatlarining zamonaviy uskunalari yordamida yangi korxonalar tashkil etilmoqda. “BUKXARA AGROKLASTER DZZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning ikkinchi choragida tashkil etilgan. Qiymati 6 million yevro bo‘lgan korxona mahsulotlari ichki bozorda o‘z xaridoriga ega bo‘lib bormoqda.

- Italiyadan “Lattico” kompaniyasining sut mahsulotlarini qayta ishlovchi zamonaviy uskunalarni keltirdik, - deydi korxona rahbari Temur Sharipov. – Uskuna soatiga 60 tonna sutni qayta ishlay oladi. Bir smenada 35 nafar ishchi bilan qayta ishlangan sutdan 43 xil mahsulot olinadi, mevalar va yog‘lilik darajasini hisobga olsak, mahsulotimiz soni 113 taga yetadi.

Kelgusi 5 yilda viloyatda

Keyingi 5 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 73,5 trillion so‘mga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40,8 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahalliy byudjet daromadlari 2,9 trillion so‘mdan 4,7 trillion so‘mga yetadi yoki 1,6 barobarga o‘sishga erishiladi.

2022-2026 yillarda viloyatda aholining turmush darajasini yaxshilash, ishsizlar sonini kamaytirish maqsadida qiymati 95,4 trillion so‘mlik 5 mingta yirik va o‘rta loyiha amalga oshirilib, 65 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Jumladan, Qorako‘l tumanida qiymati 2,7 milliard dollarga teng bo‘lgan, yiliga 1,3 milliard kub metr gazni qayta ishlaydigan gaz-kimyo kompleksi barpo etiladi, 1300 ta ish o‘rni yaratiladi va eng zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 770 ming tonna polimer ishlab chiqariladi.

2022-2026 yillarda qiymati 1 977,1 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit o‘zlashtirilishi ta’minlanadi.

Qorovulbozor va Peshku tumanlarida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish orqali umumiy qiymati 10 trillion so‘m bo‘lgan 282 ta loyiha amalga oshiriladi. Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan Qorovulbozor, Buxoro, Romitan va Kogon tumanlaridagi chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Romitan tumanida anorchilik, Vobkent tumanida anjirchilik, Buxoro tumanida uzumchilik, Peshku tumanida limonchilik rivojlantiriladi.

Viloyat tumanlarida meva-sabzavot klasterlari ko‘paytiriladi. Bunda Vobkent, Peshku va Romitan tumanlarida jami 3 ta meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etiladi va ularga 1114 gektar yer maydoni biriktiriladi, 65 gektar yerda zamonaviy bog‘ va tokzorlar tashkil etiladi.

Viloyat uchun salohiyati yuqori bo‘lgan yana bir tarmoq – qurilish materiallari sanoati ham yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun viloyatdagi 78 ta kon uchastkasi auksionga chiqariladi, 37 ta istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.

***

2017 yilgacha viloyatda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 13,8 foizni tashkil etgan. Keyingi besh yilda yangi ta’lim yo‘nalishlari hamda Buxoro davlat universitetining pedagogika instituti tashkil etilishi hisobiga qabul kvotalari uch barobarga oshirilib, 47,5 ming nafar yoshlar (43,5 foiz) oliy ta’lim bilan qamrab olindi.

Viloyat oliy ta’lim muassasalarida Fransiya, Isroil, Polsha, Bolgariya, Belarus, Rossiya, Indoneziya, Xitoy, Hindiston kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 30 ta bakalavriat yo‘nalishi hamda 12 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 1256 nafar kadr tayyorlanmoqda.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.

Samarqand-Buxoro-Samarqand.