Ikki olam xo‘jasi nomini olgan bo‘lsa-da kamtarlikdan “buyuk imorat” qurgan hazrat

- Buxoroning yetti piridan biri, “Xo‘jai jahon”, “Zikr qalb sultoni”, “Ikki olam Xo‘jasi”, “Qutbi zamon”, “Ofoqi zamon” kabi juda ko‘p sifatlar berilgan alloma, sohibkaromat Abduxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shunchalik hurmat, marhamatga ega bo‘lsalar-da oddiy bo‘z to‘qish kasbi bilan shug‘ullanib kun kechirgan. Chunki Xo‘jagon tariqati asosi Qur’on va hadisga tayanib, bid’atu xurofot, soxta piru-muridlikka qarshi qattiq kurashib, tama va minnatdan insoniyatni qaytarib halol mehnat orqasidan kun kechirishga, Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undab kelgan va bunga Abduxoliq G‘ijduvoniyning o‘zi ham qattiq amal qilgan.

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati xodimlari Buxoroga sayohatining uchinchi kunida Abduxoliq G‘ijduvoniy majmuasiga kelib, shu kabi qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Majmua xodimlarining ta’rif etishlaricha, Abduxoliq G‘ijduvoniy - xo‘jagon tasavvufiy tariqatining murshidi, keyinchalik naqshbandiya tariqati va ta’limotining haqiqiy asoschisi, ulug‘ insonparvar so‘fiy. Ulug‘ mutasavvuf olim va shayx Abduxoliq G‘ijduvoniy Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rtinchi xalfalari (muridlari) bo‘lib, 1103 yilda G‘ijduvon shahrida tavallud topgan.

Mirzo Ulug‘bek Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy sharafiga atab 1433 yilda bolalarni Qur’on va hadis, fiqx va tafsir ilmlari o‘rganishlari uchun mo‘’jaz bir madrasa, G‘ijduvon shahrida kutubxona va toshhammom qurdirib beradi. Buxoro amiri Amir Abdulloxon esa Abduxoliq G‘ijduvoniy qoldirgan boy merosni avaylab-asrash uchun ko‘p ezgu ishlar qiladi, xususan, masjid, minora va hovuz barpo etadi.

Abduxoliq G‘ijduvoniy hayoti davomida «Risolai sohibiya», «Maqomati shayxul-shuyux Yusuf Hamadoniy», «Nasihatnoma», «Vasiyatnoma», «Ruboiyyot» kabi kitoblar yozib qoldirgan.