Buxoro Arki qachon qurilgan?
Yurtimizda Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan 3 kunlik dam olish kuni doirasida aholi, jamoalar tarixiy joylarga sayohat qilmoqda. Jumladan, avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati xodimlari Buxoro tarixining tirik guvohi - Arkda bo‘lishdi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Buxoro amirlarining qarorgohi bo‘lib kelgan Ark bir necha marta vayron bo‘lib, yana qaytadan tiklangan. U haqdagi ilk ma’lumotlar Abu Bakr Narshaxiyning (899-960) “Buxoro tarixi” asarida uchraydi: “Buxoro hukmdori Buxorxudot Bidun ushbu qal’ani qurdiradi, ammo u tez orada vayron bo‘ladi. Shunda Buxorxudot donishmandlarni chaqirib, ulardan maslahat so‘raydi, ular esa qal’ani Katta ayiq yulduzlari turkumini eslatuvchi yetti ustun ustida qurish kerakligini aytishadi. Hukmdor shunday yo‘l tutadi va Ark mustahkam bo‘ladi”.
Ark qachon qurilgani haligacha aniqlanmagan. Ammo olimlarning taxminicha, bundan bir-bir yarim ming yil oldin ham ushbu mahobatli me’moriy obida hukmdorlarga qarorgoh bo‘lgan.
Ark, u necha-necha qonli janglar, shafqatsiz istilochiyu bosqinchilarni ko‘rgan. 1220 yili Chingizxon qo‘shini shaharga bostirib kelganida, aholi Ark ichiga yashirinadi.
Arkda nafaqat hukmdor amirlar, balki buyuk olimlar, shoiru faylasuflar ham yashab, ijod qilib, avlodlarga bebaho meros qoldirishgan. Buxoro madaniyati eng yuksalgan o‘rta asrlarda Arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy, Umar Xayyom kabi buyuk zotlar yashagan.
Ark g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan qiyshiq to‘rtburchak shakliga ega. U zamonaviy shaharning g‘arbiy qismi o‘rtasida joylashgan. Devorlar aylanasiga uzunligi 789,6 metr, maydoni 3,96 gektar. Maydon sathidan balandligi 16-20 metrni tashkil etadi. Arkka ikki ustunsimon shaklda qurilgan minoralar orasidan kiriladi. Darvozalariga yo‘lak tepaga qarab yuksalib boradigan pandus (nishab maydoncha) shaklida qurilgan.