Samarqandda sayyohlar uchun bepul xizmat ko‘rsatadigan uy ochilishi mumkin
47 yillik faoliyati davomida 138 mamlakatda bo‘lib, sayyohlik kompaniyalari, gidlar, tarjimonlar va hatto mehmonxonalar xizmatlariga murojaat qilmagan rossiyalik sayohatchi va yozuvchi Anton Krotov Samarqandga keldi.
Registon majmuasi Sherdor madrasasida sayohatchi va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda A.Krotov mustaqil ravishda dunyo bo‘ylab sayohat qilish, avtostop va arzon transportdan foydalanish, gidlar va turistik agentliklari yordamisiz, xostellar va mehmonxonalardan foydalanmasdan turar joy topish hamda tarjimonsiz muloqot qilish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
- 1991 yildan buyon mamlakatlararo sayohat qilaman, - deydi Anton Krotov. - Sayohat qilish uchun boy bo‘lish, davlat yoki hukumat tomonidan homiylik, hatto yashash uchun joy shart emas. Sayohatga chiqqanda har kim bepul yashashi mumkin bo‘lgan alohida uyni, kvartirani ijaraga oladi. Xorij mamlakatlarida esa “Hamma uchun uy” deb nomlangan bepul joylar bor. Bunday uylar allaqachon dunyoning turli shaharlarida - Irkutskdan Antananarivu (Madagaskar)gacha ochilgan. Ularning soni bugungacha 75 tani tashkil etadi. Loyiha 2006 yildan beri mavjud. Navbatdagi “Hamma uchun uy”ni joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda ham ochishni rejalashtiryapmiz.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, Anton Krotovga esdalik sovg‘alarini topshirdi.