Mehmonlarga o‘zimizning volontyorlar xizmat ko‘rsatdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda yer yuzidagi 100 ga yaqin mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Bugun mamlakatimizda ham ushbu zamonaviy ijtimoiy harakat rivojlanib bormoqda. Buni yurtimizda muhim sanalar va bayramlar munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda, xalqaro forum va anjumanlarda yoki jamiyat hayotidagi muhim voqealar misolida ko‘rib turibmiz.
Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 16-18 may kunlari Samarqandda o‘tkazilgan 32-yillik yig‘ilishida ham volontyorlar faol ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, mazkur anjumanga 498 nafar tarjimon volontyor sifatida jalb qilingan bo‘lib, ularning 248 nafari Samarqand davlat chet tillar instituti, 202 nafari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talaba va magistlari, yosh o‘qituvchilari hisoblanadi.
– Samarqanddagi tadbirlarda 2,5 ming nafar kishi qatnashdi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov. – Albatta, bunday katta tarkibdagi forum qatnashchilariga xizmat ko‘rsatish oson emas. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berish, yurtimiz va anjuman haqidagi tushunchasini kengaytirishda tashkilotchilar bilan birga volontyorlarning xizmati katta bo‘ldi. Garchi institutimiz talabalari va yosh o‘qituvchilar bunday tadbirlarda doimiy qatnashib kelsa-da, har bir anjumanning mavzusi, keladigan mehmonlar tarkibidan kelib chiqib, alohida tayyorgarlik talab etiladi. YeTTB yig‘ilishi uchun minglab tarjimonlar orasidan saralab olingan volontyorlarimiz ishtirokida bir necha marta seminar-treninglar tashkil etildi. Bu tadbirlarda, avvalo, mazkur bank va uning faoliyati, dunyodagi bugungi geosiyosiy vaziyat, moliyaviy siyosat, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar natijalari, Samarqandning o‘tmishi va bugungi kuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Anjuman to‘g‘risida maxsus yo‘riqnomalar, volontyorlar uchun alohida kiyim-bosh tayyorlandi.
Tadbir kunlari volontyorlarimiz aeroport va vokzalda, mehmonxonalar va tarixiy obidalarda, anjuman o‘tkaziladigan maskanlarda ishtirokchilarga beminnat xizmat ko‘rsatdi, ularga hamrohlik qildi. Ular faoliyatini muvofiqlashtirish uchun “Kongress holl” majmuasi, Samarqand davlat chet tillar instituti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetida shtablar tashkil qilindi va jarayonda vujudga kelgan kamchiliklar va muammolar o‘z vaqtida bartaraf etib borildi.
Volontyorlarimizning bu xizmatlari tashkilotchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, moddiy rag‘batlantirildi. Muhimi, ularning xalqaro darajadagi delegatsiyalarga, nufuzli mehmonlarga tarjimonlik qilish borasida tajriba va mahorati yana ham oshdi.