Camarqandda 2 ming 646 tonna pilla tayyorlandi

Pillakorlar uchun har yilgidan ko‘ra mashaqqatli kechgan amaldagi yilda ham sifatli va mo‘l hosil yetishtirildi. Bu mamlakatimizda pillachilikka berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.

Mavsum boshidan a’lo sifatli «kumush tola» yetishtirish choralari ko‘rildi. Buning uchun viloyatimiz hududidagi mavjud urug‘chilik korxonalaridan 48 ming 100 quti sifatli ipak qurti keltirilib, 500 dan ziyod inkubatorda jonlantirildi.

Ipak qurti boqishni istagan har bir pillachiga yetarli mehnat sharoiti, moddiy texnik omillar yaratildi. Ya’ni, pilla xomashyosini tayyorlash uchun 5 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilib, ulardagi mavjud pilla yetishtiruvchi oilaviy zvenolarga har bir ipak qurti uchun o‘rtacha 200 ming so‘mdan bo‘nak pullari tarqatildi. Shuningdek, pillachilik korxonalari orqali pillakorlarga termometr, formalin, bo‘z, qog‘oz singari barcha jihozlar yetkazib berildi.

Shunday sa’y-harakatlar va pillakorlarning mashaqqatli mehnatlari evaziga viloyatimizning «kumush tola»si shartnoma rejasidan 1,6 tonna ziyodi bilan - 2 646,6 tonna etib bajarildi. Bu muvaffaqiyatga Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Bulung‘ur, Ishtixon tumanlari pillakorlari salmoqli hissa qo‘shdi. Ko‘plab fermer xo‘jalik pillachilari har bir ipak qurtidan 70-80 kilogrammgacha hosil yetishtirdi.

Muhimi, pilla xomashyosi yuqori navlarga qabul qilindi va viloyat bo‘yicha har qutidan o‘rtacha 56-57 kilogrammdan hosil olindi.

Yodgor JO‘RAYEV,

Samarqand viloyat hududiy «Agropilla» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi.