Samarqandda pilla hosilini yig‘ish boshlandi
Paxtachi tumanida joylashgan “Ziyovuddin Silk” pillachilik klasterida pilla hosilini qabul qilishni boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Sharipov, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.
Bundan 5-6 yil muqaddam respublikamiz bo‘yicha 20 mln. dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur ko‘rsatkich birgina Samarqand viloyati ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. 1-2 mavsumda viloyatda 57 ming 329 quti ipak qurti parvarishlanib, 3 ming 325 tonna pilla hosilini yetishtirish niyat qilingan.
Tadbir davomida ishtirokchilar korxonaning ishlab chiqarish quvvati, eksport mahsulotlari hamda pilla qabul qilish punktlarining shaylik holati bilan tanishdi.
Shuningdek, kasanachilar tomonidan yetishtirilgan pillalar taroziga tortildi hamda shu joyning o‘zida mehnat haqlari to‘lab berildi. Kasanachilarga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA.