Karantin paytida ham pilla boqiladi(mi?)
Shu kunlarda mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin e’lon qilingan. Biroq dehqon-fermerlarimiz el dasturxonini to‘ldirish, bozorlarimiz mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlash uchun har yilgi dala yumushlarini davom ettirishmoqda. Xo‘sh, karantin holatida viloyatimizda bu yilgi pilla xomashyosi tayyorlash nima bo‘ladi?
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, pillachilik klasterlari tomonidan joriy yilda 39 ming 215 quti xorijdan keltirilgan va 10 ming 135 quti mahalliy ipak qurti boqilib, undan 2714 tonna pilla yetishtirishni rejalashtirishgan.
Ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, yangi tutzorlar barpo etish uchun hozirgacha viloyat bo‘yicha 6 million 762 ming dona tut ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, viloyatimizda bahorgi tut ko‘chatlari ekish va yangi yerlarda intensiv tutzorlar barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
Jumladan, Payariq tumanida bahorgi pilla tayyorlash mavsumi uchun qizg‘in hozirlik ko‘rildi, yangi tutzorlar barpo etildi, maskanlar xomashyoni qabul qilish uchun shay holga keltirildi.
- 2019 yil kuz va 2020 yil bahor oylarida ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash uchun tumanimizda 638 ming dona tut ko‘chatlari ekildi, - deydi “Payariq agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hosiloti Sh.Hoshimov. – Hozirgacha tumandagi 700 dan ortiq fermer xo‘jaliklari bilan pilla yetishtirish bo‘yicha, pilla boquvchi 4683 nafar kasanachilar bilan shartnomalar tuzildi. Ipak qurti tayyorlash uchun 47 ta inkubatoriya hozirdan tayyor holga keltirildi.
Yurtimizda karantin joriy etilgan bo‘lishiga qaramasdan, qishloq xo‘jaligi xodimlari o‘z vazifasini sidqidildan ado etishmoqda. Chunki bahorning har bir kuni kuzning o‘n kuniga tatiydi. Qolaversa, ularning sa’y-harakati bilan bozorlarimiz to‘kinligi ta’minlanadi. Shu yo‘l bilan dehqonlarimiz pandemiya davrida aholini sarosimaga tushmasdan, uyda qolishlariga va karantinni tezroq, talafotsiz o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.
O‘.XUDOYBERDIYeV.