Dilshod DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘idan kitob so‘radi

Ha, shunday. Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov ishtirokida bugun Payariqda o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da tumanning Yangiobod mahallasida yashovchi Dilshod Akmirzayev mahalla yoshlari uchun badiiy kitoblar so‘radi.

– Bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan kitobxonlik tanlovlarini ko‘rib, qani endi biz ham mahallamiz bilan shunday tanlovlarda qatnashsak, deb orzu qilamiz, – dedi Dilshod. – Lekin hamma tengdoshlarimiz, mahalladoshlarimiz kitobxon emas. Ayrimlar kitob topolmasligi, boshqalar qiziqmasligi mumkin. Agar mahallamizga yangi badiiy kitoblar berilsa, undan kattayu kichikning foydalanishi uchun imkoniyat yaratilsa, biz ham eng yaxshi kitobxon tanlovlarida munosib qatnashamiz.

Kitobsevar yoshning bu murojaati boshqarma boshlig‘ini xursand qildi va shu kunning o‘zida mahallaga 500 dona badiiy kitoblar yetkazilishi ma’lum qilindi.

Tohirshayx mahallasidan kelgan Mahliyo Hamidova esa ayni paytda vaqtincha ishsizligi, ammo tikuvchilik qo‘lidan kelishini aytib, tikuv mashinasi olishda yordam so‘radi. Mahliyoning murojaati ham shu yerning o‘zida hal etildi. Sababi, uchrashuv o‘tkaziladigan joyda yoshlarga ishlab daromad topishi uchun beriladigan maishiy texnika, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qurilishda foydalaniladigan ashyolar keltirib qo‘yilgan edi. Tikuv mashinalaridan biri Mahliyoga nasib etdi.

Umuman, uchrashuv davomida tumandagi mahallalarda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan, turmush sharoitini yaxshilash istagida bo‘lgan yigit-qizlarga 10 ta tikuv mashinasi, 6 ta elektr arra, 9 ta elektr payvandlash uskunasi topshirildi.

Boshqarma boshlig‘i uchrashuvga kelgan har bir yigit-qizni tinglab, ularni qiynab kelayotgan muammolarga viloyat va tuman darajasidagi mas’ullar, tegishli idoralar bilan birgalikda yechim topildi. Yoshlar shaxsiy muammolari bilan birga o‘zlari yashab turgan hududdagi yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar yuzasidan ham murojaat qildi. Har bir murojaat e’tiborga olinib, muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar berildi.

Uchrashuda sportning Turon yakka kurash turi bo‘yicha Osiyo kubogida munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan payariqlik 11 nafar sportchi va ularning murabbiylari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.