“Dinamo” bu mavsum qanday tarkib bilan o‘ynaydi?

Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Dinamo” jamoasining mavsumoldi taqdimot va tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov boshlanadigan mavsum g‘alabalarga boy bo‘lishini, yangi tarkib bilan barcha o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishni, klub rahbariyati va futbolchilarga asosiy vazifa Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish kerakligini, buning uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Vadim Abramov klub bosh murabbiyi sifatida Proligada ham jamoani boshqarishi ma’lum qilinib, jamoaning yangi tarkibi, murabbiylar shtabi ommaga tanishtirildi va futbolchilarga liboslari topshirildi.

- Mavsumga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rdik, - dedi klub bosh murabbiyi Vadim Abramov. - Jamoaga iqtidorli mahalliy va legioner futbolchilar jalb qilindi. O‘rtoqlik uchrashuvlarining aksariyatida g‘alaba qozondik va futbolchilarimiz maydonda yuqori tempda o‘ynadi. Oldimizdagi maqsad bitta - faqat g‘alaba va Superligaga chiqish.

“Dinamo” jamoasi Proliganing 1-turi doirasida ertaga, 16 mart kuni Muborakda “Mash’al” mehmoni bo‘ladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.