Samarqandda “DISCOVERING UZBEKISTAN” - birinchi turistik anjuman o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand xalqaro aeroportida Turizm va madaniy meros, Tashqi ishlar va Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ hamda “Air Marakanda” aviakompaniyasi hamkorligida “DISCOVERING UZBEKISTAN” birinchi turistik anjumani bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, diplomatik korpus, vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston sayyohlik brendi, mamlakatimizni xorijiy sayyohlar uchun ochish va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari, turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov Samarqandning turizm salohiyati va barpo etilayotgan turistik ob’yektlar haqida ma’lumot berdi.

- Viloyatda 1607 ta, Samarqand shahrida 483 ta madaniy-tarixiy meros ob’yektlari mavjud, - dedi R.Qobilov. – Shu bilan birga, 170 ta mehmonxona, 220 ta mehmon uyi hamda 200 ta turoperator faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida Samarqand turistik majmuasi, “Abadiy shahar” karvonsaroyi hamda tog‘ turizmi klasterini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Yaqin bir yilda Samarqand turizm infratuzilmasi tubdan o‘zgaradi, viloyatimizga kelgan har bir sayyoh boy taassurotlar bilan yurtiga qaytadi.