Dunyoning yirik shaharlari havo ifloslanishiga qarshi qanday kurashyapti?

Ma’lumki, atmosfera ifloslanishi zamonamizning eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Mutaxassislar ayni muammo har yili yetti million kishi hayotdan erta ko‘z yumishiga sabab bo‘lishini taxmin qilmoqda. Hozir dunyo bo‘ylab har 10 kishidan to‘qqiz nafari kir havodan nafas olayotgani astma, yurak kasalliklari va o‘pka saratoni xavfini keskin oshiradi.

Tabiiyki, havo ifloslanishi holati shaharlar uchun xos. Ushbu xatarni anglagan holda, dunyoning bir necha yirik shahri va munitsipaliteti havoni buzuvchi moddalarga qarshi kurash choralarini ko‘rmoqda.

O‘zA muxbiri havo sifatini yaxshilash borasida dunyo miqyosida olib borilayotgan ishlarni qiyoslash maqsadida mavzuni turli qit’alardagi bir necha yirik shaharlar misolida o‘rganishga harakat qildi.

Bogota (Kolumbiya)

Bogota havo iflosligini kamaytirish bo‘yicha Lotin Amerikasida yetakchilardan biri hisoblanadi. Shahar jamoat transporti tarmog‘ini elektrlashtirmoqda. Metroni to‘liq elektr tizimiga o‘tkazish maqsad qilingan. Bu 2024 yil yakuniga kelib, havo kirligini 10 foiz kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejaning bir qismi. Hukumat ayni yo‘nalishda samaradorlikni oshirish uchun ommaviy ravishda velosiped yordamida harakatlanishga o‘tish juda muhimligini ta’kidlamoqda.

Darvoqe, havo ifloslanishi asosan transport bilan bog‘liq bo‘lsad-a, mintaqa va qo‘shni mamlakatlarda tez-tez yuz beradigan o‘rmon yong‘inlari ham vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Varshava (Polsha)

Polshada Yevropa Ittifoqining havosi eng iflos 50 shahridan 36 tasi joylashgan. Kir iqlim ushbu mamlakatda har yili 47 500 kishi dunyodan bevaqt o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Varshava 2019 yil C40 toza havo shaharlari deklaratsiyasini imzolagandan keyin ayni muammoga qarshi chora ko‘ra boshladi. Jumladan, toza havo jamg‘armasi va “Bloomberg”  xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda “Nafas ol, Varshava!” aksiyasi o‘tkazildi. Hozir poytaxt bo‘ylab 165 havo sensori o‘rnatilgan. Yevropadagi eng yirik ushbu sensor tarmog‘i ifloslanish manbalarini aniqlash imkonini beradi. Ya’ni, tizimdan mansabdor shaxslar havo sifati bo‘yicha ma’lumotlar bazasini ishlab chiqishda foydalanishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, tashabbus ko‘mir bilan isitishni bosqichma-bosqich to‘xtatish, 2024 yil yakunigacha kam emissiya hududini yaratish va mahalliy rahbarlarni ilg‘or tajribani o‘rganishga jalb etish uchun texnik yordam ko‘rsatishni ham nazarda tutgan.

Seul (Janubiy Koreya)

Bepoyon Seulda 26 million aholi istiqomat qilishini hisobga olsak, shahar havo inqiroziga duch kelgani ajablanarli hol emasligini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, ushbu shahar aholisining PM2,5 nomli zaharli zarrachalarga o‘rtacha ta’siri Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo davlatlar orasida eng kuchli. Bu daraja rivojlangan mamlakatlarning boshqa yirik shaharlaridagi ahvolga nisbatan ikki barobar yuqori. 2020 yil Seul 2025 yilgacha barcha – xususiy va davlat avtomobil parklaridagi dizel yonilg‘isi bilan ishlaydigan mashinalar harakati taqiqlanishini e’lon qildi. Shu bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Atrof-muhit dasturi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik havo sifatini yaxshilash bo‘yicha so‘nggi 15 yil davomida olingan xulosani o‘rganadi va bu saboqni mintaqaning boshqa shaharlari bilan bo‘lishishga ko‘maklashadi.

Akkra (Gana)

Akkra “BreatheLife” kampaniyasiga qo‘shilgan Afrikadagi ilk shahar sifatida qit’aning havo kirlanishiga qarshi kurashga sodiq qolgan shaharlari orasida yetakchi hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili 28 000 dan ziyod odam notoza havo ta’sirida bevaqt vafot etadi. Gana poytaxtida havoning o‘rtacha ifloslanish darajasi JSST tavsiyasidan besh barobar yuqori. Akkrada yopiq pechka sog‘liq uchun zararli ekanini ta’kidlash, mahalliy aholi tomonidan chiqindi yoqish amaliyotiga qarshi tushuntirish kampaniyasi boshlangan. Iqlim va toza havo koalitsiyasi bilan birgalikdagi sa’y-harakat yanada yashil transport, chiqindini boshqarish va maishiy energiya tizimlariga o‘tish salomatlik uchun behad foydali ekani butun shahar bo‘ylab tan olinishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Bangkok (Tailand)

Bangkok transport tizimining iqlimga salbiy ta’siri dunyo miqyosida eng kuchli ekani isbotlangan. Demak, bu shahar doimo kir havo ostida yashashi ajablanarli emas. Havodagi mayda zarralar (PM2,5) darajasi xavfli nuqtaga yetgani sababli, hukumat 2020 yil yuzlab maktablarni yopishga majbur bo‘ldi. Tabiiyki, poytaxt havo ifloslanishi va karbonat angidrid ko‘payishiga qarshi kurashish uchun qator tashabbuslarni ilgari surdi.

2019 yil yo‘lga qo‘yilgan “Yashil Bangkok-2030” loyihasi yashil maydon ulushini 10 kvadrat metr oshirishga qaratilgan. Mazkur tashabbus amalga oshsa, daraxtlar shahar umumiy maydonining 30 foizini egallaydi va asosan, piyodalar yo‘laklarini qamrab oladi.

Loyihaning birinchi bosqichida xususiy transportga bog‘liqlikni kamaytirish orqali atrof-muhitni tozalash maqsadida 11 istirohat bog‘i, 15 kilometr yashil yo‘lak ochish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, atmosfera kirlanishini kamaytirish inson salomatligini yaxshilashning kaliti sifatida uch tomonlama sayyoraviy inqiroz – iqlim o‘zgarishi, tabiiy muhit va biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi, ifloslanish va chiqindi ko‘payishiga qarshi kurash samaradorligini oshiradi. Atmosfera havosi ifloslanishi muammosini hal qilish yo‘llari bor. Faqat bu amallarni keng miqyosda amalga oshirish uchun birlashish, turli soha va darajada ishlash talab etiladi.

Shamol yo‘nalishini o‘zgartira olmasmiz, lekin tartibga solish va ijro etish bilan bog‘liq muammolarga yechim topish uchun birlasha olamiz. Masalan, investitsiya qishloq xo‘jaligi chiqindisini qimmatbaho manbaga yoki energiyaga aylantirishi mumkin. Shu yo‘l bilan ochiq yonish jarayoni kamaytiriladi. Atmosfera ifloslanishi mohiyatan transchegaraviy masala. Binobarin, ushbu muammoga transchegaraviy yechim izlash, megapolislar, yirik shaharlar atrofidagi hududlar o‘rtasida hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish zarur. Mintaqalararo tajriba almashishga ko‘maklashuvchi kelishuvga erishish uchun global platforma yaratish lozim.

Atmosferani kirlantiruvchi asosiy manbalar

Havo ifloslanishi vulqon otilishi yoki chang bo‘roni ko‘tarilishi kabi tabiiy manbalardan ham kelib chiqishi mumkin, ammo dunyo aholisining aksari iqlimning texnogen ifloslanishidan aziyat chekmoqda. Ya’ni, insoniyat asosiy zararli manbalar – elektr energiyasi ishlab chiqarish, transport, sanoat, uy-joyni isitish, pishirish, qishloq xo‘jaligi chiqindisini yoqishdan ziyon ko‘rmoqda.

Shifokorlar ta’kidlashicha, umuman, havo ifloslanishi salomatlik uchun jiddiy tahdid. Ayniqsa, PM2,5 ta’siri xavotirli. Inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, soch tolasidan 40 marta ingichka bu mayda zarralar o‘pkaga chuqur kirib, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi, qon tomiri yo‘liga kirib olib, yurak va miyaga zarar yetkazishi mumkin.

Atrof-muhit ifloslanishi yurak kasalliklari, saraton va insultga uzoq muddat ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ko‘z, burun va tomoq tirnash xususiyatiga ega, nafas qisilishi, yo‘tal va astma xuruji kabi salomatlik uchun xavfli xastaliklarni keltirib chiqaradi. Kir havo erta o‘lim darajasini oshiribgina qolmay, kundalik turmush sifatiga ham ta’sir qiladi. Barcha yosh guruhlariga ta’sir qiladi, zaif odamlarni eng ko‘p nishonga oladi. Notoza havodan nafas olish, hatto, homila rivojiga ham ta’sir etishi mumkin.

Havo sifatini yaxshilash uchun nima qilish mumkin?

Havoni tozalash strategiyasi mahalliy sharoitga ko‘ra farqlanadi. To‘g‘ri, muammoni bartaraf etishning hammaga mos keladigan yagona yo‘li yo‘q, havo sifatini yaxshilash bir necha sektor bo‘yicha kompleks yechim talab qiladi. Shuning barobaridatoza havodan nafas olishimiz uchun hammamiz harakat qila olamiz va harakat qilishimiz shart. Buning uchun har bir inson havoni tozalashga yordam beradigan qarorlar qabul qilishi kerak. Korxona va tarmoqlar esa butun qiymat zanjiri bo‘ylab mavjud jarayonni, ishlab chiqarayotgan mahsulotini tartibga keltirishi mumkin. Bundan tashqari, shaharsozlik, mahalliy va markaziy hukumat qonunchiligini, shu qonunlar ijrosini ta’minlashda toza havoga ustuvor ahamiyat berishimiz kerak.

Oddiy inson muammoni qanday hal qilishi mumkin?

Havo ifloslanishi muammosi tizimli tus olib, zamonaviy jamiyatning iqtisodiy jarayoniga singib ketgan. Demak, ishni odamlarga o‘zlari nafas olayotgan havoning ifloslik darajasini, vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsata olishi mumkinliginianglatishdan boshlash kerak. Shuningdek, ko‘proq organik oziq-ovqat tanlash, taom pishirish usulini zamonga moslashtirish, sayohat qilish, lozim. Bundan tashqari zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobilga o‘tirmaslik, ko‘proq jamoat transportidan foydalanish ayni muddao. Anglaganingizdek, sirtdan qaraganda oddiy, imkonimiz darajasidagi yo‘llar bilan havoni ifloslantirishdek global muammoni bartaraf etishga hissa qo‘sha olarkanmiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA