Ekologiya boshqarmasi: Samarqandda 38 marta g‘alladan bo‘shagan maydonlarni yoqib yuborish holati qayd etilgan
Viloyat ekologiya boshqarmasi va uning shahar tumanlar inspeksiyalari inspektorlari tomonidan yilning o‘tgan davri mobaynida o‘simlik qoldiqlari va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poyalari qoldiqlarini yoqib yuborilishining oldini olish maqsadida 100 dan ortiq nazorat tadbirlari olib borilgan.
Boshqarma axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tadbirlar jarayonida 38 holatda g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini ikkinchi ekin ekish maqsadida qasddan yoqib yuborish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan jami 42 160 000 so‘m miqdorida jarima va tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Eslatib o‘tamiz: somon qoldiqlarini yoqilishi sababli atmosfera havosiga zarar yetib, ushbu yerdagi tuproq unumdorligining kamayishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlari, shu jumladan, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarida somon poyalarini yoqib yuborganlik uchun:
- fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha;
- mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinadi.