Elektrikning xatosi tufayli basseynda maktab o‘quvchisini tok urdi
Toshkent shahri Yunusobod tumani ochiq sud majlisida tumandagi 2-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabi elektrigi Bahodir Rametovning (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ishi ko‘rildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berayapti.
U maktabda elektr xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan shaxs sifatida suzish basseyniga o‘rnatilgan havo namligini quritib va isitib beruvchi “ChKA WAI” elektr qurilmasini normativ tarzda belgilab qo‘yilgan qoidalarga mos va ularga rioya qilgan holda texnik ekspluatatsiya qilishga javobgar bo‘lsa-da, vazifasiga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lgan. Ya’ni elektr qurilmasining tashqi qobiq qismidan yerga ulanish ishlari bajarilmagani oqibatida qurilmaga keladigan elektr toki tashqi hududga tarqalib, suzish basseynida mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanuvchi o‘smirlar hayotiga xavf soluvchi manbaga aylangan. Bu esa bir insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.
Sport maktabining suzish basseynida shug‘ullanayotgan maktabning 11 yoshli o‘quvchisi Jamshid Yunusov basseyndan chiqib, elektr qurilmasining oldiga kelganida suzishda foydalanadigan ko‘z oynagi yerga tushib, sirpanib, qurilmaning tagiga kirib ketgan. O‘smir yigitcha elektr qurilmasi ostidan ko‘z oynagini olmoqchi bo‘lganida uni elektr toki urib, ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordamga qaramasdan, shu yerning o‘zida vafot etgan.
Bahodir Rametov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilangan.