Endi chet el fuqarolari tegishli ravishda ko‘chmas mulk sotib olsa, O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish huquqi beriladi

Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda huquqiy axborot kanali.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, 111 ta mamlakat fuqarolariga quyidagi miqdorda ko‘chmas mulkni sotib olgan taqdirda O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish huquqi berildi:

- Toshkent viloyati va Toshkent shahrida – 400 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;

- Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida – 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida – 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda.

Endilikda gidlar (ekskursiya yetakchilari),  kuzatib boruvchi-yo‘riqchilarning xizmatlari oliy yoki o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim to‘g‘risidagi diplomi yoki gidlar yo‘nalishi bo‘yicha qayta tayyorlash to‘g‘risidagi guvohnomasi bo‘lgan shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Ilgari mazkur faoliyat faqat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan malaka sertifikatini olgan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin edi.