Ko‘chmas mulkka oid nizolarni sudgacha hal etish osonlashmoqda

Joriy yilning 29-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining 426-son qarori bilan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur tartib bundan oldin sobiq “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining 2019-yil 11-martdagi 4-sonli qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-aprelda 3156-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) asosida yo‘lga qo‘yilgan edi. Endilikda hukumat darajasida tasdiqlangan nizom talablari asosida ish yuritilishi belgilandi.

Oldingi tartib bo‘yicha manfaatdor shaxslarning ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan murojaatlari tegishli hududiy boshqarma (hududiy boshqarma — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari) qoshidagi doimiy ravishda faoliyat yuritadigan komissiya (hududiy boshqarma rahbarining buyrug‘iga asosan 5 kishidan kam bo‘lmagan, komissiya raisi, kotibi va a’zolari tarkibida tuziladi) tomonidan sudgacha ko‘rib chiqish vakolati mavjud edi.

Yangi nizomdagi tartib bo‘yicha, komissiya ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ rahbarining buyrug‘iga asosan, 7 nafardan iborat bo‘ladi.

Yangi tarkibda lavozimiga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i – komissiya raisi, hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari – komissiya raisi o‘rinbosari va a’zolari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi, Adliya vazirligi hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi, Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi hamda Davlat kadastrlar palatasi hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi – komissiya kotibidan iborat bo‘ladi.

Komissiya xulosasidan norozi bo‘lgan manfaatdor tomonlar qayta murojaatini ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyalari ham mavjud bo‘lib, oldingi tartibda apellyatsiya komissiyasi tarkibi 5 nafardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 7 nafardan iborat bo‘lishi belgilandi.

Komissiya tarkibiga adliya organlari xodimlari va advokatlar palatasining mas’ul xodimlari jalb etilishi mulkiy nizolarni ko‘rib chiqish vaqtida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, oldingi tartibda komissiya xulosasidan norozi bo‘lgan manfaatdor shaxs yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi komissiya xulosasini olgan kundan boshlab 10 kun davomida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega edi. Endi yangi tartib bo‘yicha manfaatdor shaxs komissiya qaroridan norozi bo‘lsa, qarorni olgan kundan boshlab 2 oy muddatda apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin. Bunda komissiyaning birinchi qaroriga norozilik vujudga kelganda, qayta appelyatsiya komissiyasiga murojaat qilish muddati qo‘shimcha 50 kunga uzaytirilmoqda. Bu bilan manfaatdor taraflarga mulkiy huquqlarini himoya qilishga yanda kengroq imkoniyat yaratilmoqda.

Manfaatdor shaxs komissiya va apellyatsiya komissiyasi qarorlaridan norozi bo‘lgan holatlarda belgilangan muddatlarda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Yangi tizim aholi orasida uchraydigan mulkiy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmini belgilab beradi. Bu esa mulkdorlarning turli xil ovoragarchiliklari oldini olish va masalani qisqa muddatda, oson hal etish imkoniyatini yaratadi.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi qoshidagi ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga 7 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qonun talablari doirasida ijobiy hal etilgan. 

Hilola RAJABOVA,

Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi

bosh yuriskonsulti.