Xorijliklarga O‘zbekistondan ko‘chmas mulk olish osonlashadi
Ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga 1 maydan O‘zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:
Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’yektlarida qiymati 180 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’yektlari;
boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’yektlarida qiymati 85 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’yektlari.
Bunda, mazkur ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.