“Endi to‘g‘ri hayot kechiraman”: Jazo muddatini o‘tayotgan 43 nafar samarqandlik shaxs afv etildi
Davlatimiz rahbari imzolagan farmonga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 522 nafar shaxs afv etildi.
Ularning 43 nafari samarqandlik.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, avf etilganlarning 40 nafari jazoni ijro etish muassasalarida, uch nafari viloyatda probatsiya hisobida turib, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tayotgan shaxslar bo‘lgan. Shundan 3 nafari xotin-qiz, 16 nafari esa yoshlardir.
— Giyohvand vositalari savdosiga qo‘l urgandim, - deydi ishtixonlik Sh.S. – Jazoni ijro etish muassasasida qilgan xatolarimni tushundim, xulosalar qildim. Yurtboshimizga rahmat, meni yaqinlarim bag‘riga qaytardi. Endi faqat to‘g‘ri hayot kechiraman. Rejalarim ham ko‘p – kredit olib, chorvachilikni yo‘lga qo‘ymoqchiman.
Afv etilgan shaxslardan 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan, 4 nafari jazodan to‘liq ozod etilgan, qolganlari asosiy jazodan ozod bo‘ldi. Ozodlikka chiqqan fuqarolarga mas’ul idoralar tomonidan zarur huquqiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.