Firibgarlik yo‘li bilan ayol kishidan pul va qimmatbaho buyumlarni talab qilib kelgan 35 yoshli erkak qo‘lga olindi
Samarqand shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan X.O. ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat qilib, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan fotosuratlarini noma’lum shaxs ko‘chirib olib, ularga maxsus dasturlardan foydalanib ishlov bergani haqida ma’lumot bergan.
U shaxs ushbu sharmandali fotosuratlarni boshqa ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik evaziga X.O.dan 6.500 AQSh dollari, bir dona "Apple iPhone 13 Pro" va bir dona erkaklar tilla zanjiri talab qilgan. Shuning uchun ichki ishlar idoralaridan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, tovlamachilik yo‘li bilan pullarni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan shaxs Samarqand shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan T.U. ekanligi aniqlangan.
T.U. talab qilingan pullar, "Apple iPhone 13 Pro" va tilla taqinchoqni olish vaqtida ashyoviy dalilar bilan qo‘lga olingan.
T.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.