Fransiya delegatsiyasi – Samarqand mehmoni
Fransiya tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik bo‘yicha vazir-delegati Frank Riyester boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi Samarqanddan boshlandi.
Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida viloyat hokimi E.Turdimov hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.Vafoyev kutib oldi.
Fransiya delegatsiyasi Samarqand bilan tanishuvni Registon majmuasidan boshladi. Ajdodlarimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi bo‘lgan mazkur obida nafaqat o‘zbek xalqining, balki insoniyatning bebaho boyligi sifatida qadrlanib kelinadi. Samarqanddagi bir qator tarixiy-madaniy yodgorliklar qatori Registon ansambli ham YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Mehmonlarga bu yerdagi madrasalarining bunyod etilish tarixi, ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, majmuada milliy hunarmandchilik mahsulotlari va rassomlik asarlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Frank Riyester boshchiligidagi delegatsiya Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy obidalar bilan tanishib, bu yodgorliklar haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– O‘zbekistonga bu galgi tashrifimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat Prezidentlarining o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xayrixohliklari bois iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan, – dedi Fransiya tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik bo‘yicha vazir-delegati Frank Riyester. – Shu bois delegatsiyamiz tarkibida Fransiyadagi 30 dan ortiq yirik kompaniya va firmalar vakillari kelgan. O‘ylaymanki, bu imkoniyatdan ikki davlat tadbirkorlari ham samarali foydalanadi. Samarqand shahri haqida ko‘p eshitganman, lekin ilk bor bu shaharga kelib, juda katta taassurot oldim. Fransiyaning sobiq madaniyat vaziri sifatida aytishim mumkinki, Samarqand juda boy madaniy merosga ega ekan.
9-11 may kunlariga mo‘ljallangan tashrif dasturidan poytaxtimizda O‘zbekiston va Fransiya Respublikalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish, bir qator vazirlik va idoralar, parlament rahbarlari bilan uchrashuvlar, shuningdek, o‘zbek-fransuz biznes forumini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Baxtiyor MUSTANOV (foto).