Futbol maydonchasidagi o‘zboshimchalik deputat tashabbusi bilan to‘xtatildi
Samarqand shahar hokimligi masalaning oxiriga yetdimikan?
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatligiga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan Dilfuza Ravshanovaga Samarqand shahridagi saylovchilari turli masalalar bilan murojaat qiladi.
Murojaatlardan biri saylov okrugi hududidagi sport majmuasi yer maydonining bir qismi noqonuniy egallab olingani to‘g‘risida edi.
Aslida o‘sha kuni deputat “Bog‘bonlar” mahallasida aholi muammolarini o‘rganish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda mahalla hududida turar joy hamda savdo do‘konlari qurilishi natijasida futbol maydonchasi yo‘q bo‘lib ketayotganligi to‘g‘risida murojaat qilingan.
Masalani batafsil o‘rganib chiqish maqsadida deputat tegishli tashkilotlar chiqargan qaror, kadastr hujjatlari bilan tanishdi. Futbol maydoniga borib, haqiqiy holatni o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2003 yilda Temiryo‘l tumani hokimi tomonidan chiqarilgan mahallaga egalik huquqini beruvchi qaror bekor qilinmasdan, 2011 yilda qurib bitkazilmagan inshootga boshqa bir kishining nomiga kadastr hujjatlari tayyorlanib, Samarqand shahar hokimining egalik huquqini tasdiqlovchi qarori chiqarilgan. Ya’ni, qonunbuzilishi yuzaga kelganligi yaqqol ko‘rinib turardi.
Negaki, hujjatlarga ko‘ra, fuqarolar noqonuniy egallab olingan, deyayotgan yer maydoni mahalla, aniqrog‘i “Tip-1” sport majmuasi hududi hisoblanadi. Shuningdek, hech bir joyda ushbu yerda uy-joy mavjudligi qayd qilinmagan.
Mazkur asoslarga ko‘ra, deputat Samarqand shahar prokuroriga deputat so‘rovi yubordi. Prokuror protestiga asosan, Samarqand shahar hokimining 2011 yildagi uy-joyga egalik qilish huquqi berish haqidagi qarori bekor qilingan.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi.
Tahririyatdan: Chala qurilgan bino buzilib, stadion yer maydoni avvalgi holatiga keldimikan?
Bu haqda Samarqand shahar hokimligining javobini kutamiz.