Futbol. O‘rtoqlik uchrashuvi: O‘zbekiston terma jamoasi Urugvay jamoasiga qarshi maydonga tushadi

Bugun 2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikki karra jahon chempioni — Urugvay bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

Vakillarimiz Malayziyaning Malakka shahrida Urugvay terma jamoasi bilan kuch sinashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da "Xang Jebat" stadionida start oladi.

Bu o‘yindan oldin terma jamoamiz Quvayt jamoasini yenggan bo‘lsa (2:0), Urugvay Dominikan Respublikasini 1:0 hisobida taslim qildi.

Bellashuv oldidan ko‘plab xalqaro sport nashrlari, jumladan “Soccer365” sayti jamoalarning holati va ehtimoliy natijalar bo‘yicha tahlil tayyorladi.

Unda yozilishicha, terma jamoamiz qariyb 11 oydan buyon mag‘lub bo‘lmayapti — 11 ta uchrashuvdan buyon o‘z darvozasiga yo‘l bermagan. Oxirgi ikki yil ichida faqat Qatarga qarshi bahsda (102-daqiqa) so‘nggi lahzada mag‘lubiyat qayd etilgan.

Quvaytga qarshi o‘yindan keyin asosiy hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullayev jarohati tufayli yig‘inni tark etdi. Shuningdek, tajribali himoyachi Farrux Sayfiyev va yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov ham sog‘ligi sabab jamoadan chiqarildi.

Kannavaro ayrim chaqirilgan futbolchilarni orqaga qaytarib, ular o‘rniga hujumchilar Ruslan Jiyanov va Husayn Norchayevni jalb etdi.

So‘nggi uch o‘yinda jamoa o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi. Umuman, so‘nggi 11 uchrashuvdan 8 tasida gol o‘tkazilmagan. Shu bilan birga, O‘zbekiston oxirgi 13 bahsning faqat ikkitasidagina raqib darvozasiga yo‘l topa olmagan.

Bu seriyada o‘zbeklar jahon chempionati yo‘llanmasini ham ta’minlab ulgurdi — BAAdagi hal qiluvchi o‘yinda golsiz durang ularni mundialga olib chiqqandi. Shundan beri jamoa 6 o‘yindan buyon gol urmoqda.

“Soccer365” sayti taxminiga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuv 1:1 hisobi bilan durang natija bilan yakunlanishi mumkin.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu bahs Kannavaro shogirdlari uchun nafaqat sinov, balki jahon chempionati oldidan o‘z kuchini xalqaro darajada baholash imkoniyati ham bo‘ladi.