Germaniya oxirgi atom elektr stansiyalarini o‘chirdi
16 aprelga o‘tar kechasi Germaniya hukumati ishlab turgan so‘nggi uchta atom elektr stansiyasini o‘chirdi. Bu haqda ZDF xabar bermoqda.
Bavariyadagi Isar-2 atom elektr stansiyasi, Baden-Vyurtembergdagi Neckarwestheim-2 va Quyi Saksoniyadagi Emsland stansiyalari tarmoqdan uzilgan.
"Atom energetikasi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni avariya yuz bergan taqdirda nazorat qilib bo‘lmaydi", degan Germaniyaning atrof-muhit va yadroviy xavfsizlik vaziri Shteffi Lemke.
Parlamentdagi Sotsial-demokratik partiya fraksiyasi Twitterda shunday xabar qoldirgan: “Atom energiyasi! Xayr!" O‘z navbatida, Germaniya Erkin demokratik partiyasi bosh kotibi Bijan Jir-Saray texnologiyadan butunlay voz kechmaslikka chaqirgan.
"Deutsche Welle"ning qayd etishicha, 15 aprelda kun davomida atom energetikasi muxoliflari AESlar yopilishini bir qancha shaharlarda mitinglar orqali nishonlashgan. Stansiyalar yopilishiga qarshilar ham ko‘chalarga chiqishgan. Nashrning eslatishicha, YouGov instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, nemislarning uchdan ikki qismi mamlakatdagi so‘nggi atom elektr stansiyalarining yopilishiga qarshi.
Germaniyada yadro energiyasidan umuman voz kechish qarori 2011 yilda Yaponiyaning "Fukusima" AES halokatidan keyin qabul qilingan edi. Oxirgi stansiyalar 2022 yil oxirigacha yopilishi kerak edi, biroq Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi va undan kelib chiqqan energetika inqirozi tufayli AESning to‘xtatilishi aprel oyiga ko‘chirildi.