Germaniya universitetida otishma: talaba halok bo‘ldi, jarohatlanganlar bor
Germaniya janubi-g‘arbidagi Geydelberg universitetida leksiya paytida o‘t ochgan qurolli shaxs 18 yoshli biologiya fakulteti talabasi bo‘lib chiqdi.
Gumonlanuvchi Germaniya fuqarosi bo‘lib, otishma boshlanishidan oldin otasiga “odamlar jazolanadi” deya xabar jo‘natgan.
Hodisa oqibatida 23 yoshli qiz halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohat oldi.
Germaniya kansleri Olaf Shols voqeadan hayratda ekanligini aytdi: "Bunday xabardan yuragim qon bo‘ldi. Qurbonning yaqinlari va, albatta, Geydelberg universiteti talabalariga hamdardlik bildiraman".
Viloyat politsiyasi boshlig‘i Zigfrid Kolmarning so‘zlariga ko‘ra, hujumning sabablari hozircha aniqlanmagan, biroq gumonlanuvchi avval ruhiy kasallikka chalingani ma’lum bo‘ldi.
Qotilning jasadi politsiya tomonidan ikkita o‘qotar qurol va 100 ga yaqin o‘q-dorilar bilan ko‘chada topilgan.
Geydelberg universiteti - Germaniyadagi eng qadimgi va nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. U 1386 yilda tashkil etilgan. Ayni paytda unda 28 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.