"Global Qrim platformasi" sammiti ishtirokchilari Qrim masalasida o‘z pozitsiyalarini bildirdi

Qrim Ukrainaga qaytishi kerak, deya ta’kidlashdi «Global Qrim platformasi» sammiti ishtirokchilari. Kiyevning ketma-ket ikkinchi yil o‘tkazilayotgan ushbu tashqi siyosiy tashabbusi bu safar o‘tgan yilga qaraganda ancha ko‘proq ishtirokchilarni to‘pladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan munozaralar onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.

Vladimir Zelenskiy, Ukraina Prezidenti:

"Hammasi Qrimdan boshlandi va Qrim bilan tugaydi. Va bu haqiqat. Men yuz foiz ishonamanki, terrorni yengish uchun mintaqamizda, Yevropada, butun dunyoda aniqlik va xavfsizlikni tiklash uchun g‘alaba qozonish kerak, Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda g‘alaba qozonish uchun Qrimni ishg‘oldan ozod qilish kerak".

“Qrim platformasi” bu yil 60 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillarini jamladi. Ular orasida NATOning 30 nafar a’zosi va alyans vakillari ham bor. Davlat va hukumat boshliqlari darajasida to‘rt o‘nlab mamlakatlar vakillari bor.

Ursula fon der Lyayen, Yevropa komissiyasi raisi:

"Biz Qrim va Sevastopolning Rossiya Federatsiyasi tomonidan noqonuniy anneksiya qilinishini hech qachon tan olmaymiz. Qrim yarim orolida inson huquqlari buzilishidan chuqur xavotirdamiz. Qrim tatarlarining g‘oyib bo‘lishlari, qiynoqlar, qotilliklar, ta’qiblar".

Yens Stoltenberg, NATO Bosh kotibi:

"Ukraina suveren, mustaqil davlat sifatida omon qolishi uchun biz uzoq muddat Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Kuchli, barqaror va mustaqil Ukraina Yevro-Atlantika xavfsizligi uchun zarurdir".

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qrimning Ukrainaga qaytarilishini “xalqaro huquq talabi” deb atadi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra esa, Rossiya bilan endi hech qanday murosaga iloj yo‘q.