Gripp “beozor” kasallik emas: 9 oyda 1483 ta grippga chalinish holati ro‘yxatga olindi

Gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar (O‘RI) yuqumli kasalliklarning 76,2 foizini tashkil etib, oxirgi yillarda ushbu kasalliklar sog‘liqni saqlash tizimining eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Yurtimizda joriy yilning 9 oyi davomida rasmiy ravishda 1483 ta grippga chalinish holati ro‘yxatga olindi. Gripp bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 0-2 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olinib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming nafar bola soniga nisbatan 26,3 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizda 323 ming 593 holatda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish qayd etilgan.

Shu o‘rinda Sog‘likni saqlash vazirligi "Gripp “beozor” kasallik emas, bu xastalik keltirib chiqaradigan asoratlar uning o‘zidan-da xavfli hisoblanadi. Agar bemor davolanishga yetarli darajada e’tibor bermasa, kasallik o‘pkada bakterial zotiljam, gemorragik zotiljam, o‘pka abssessi va o‘tkir respiratorli distress sindromiga sabab bo‘lishi mumkin", deya ogohlantirgan.