Yevropada bir vaqtning o‘zida ham gripp, ham koronavirusni yuqtirgan bemorlar ko‘paymoqda
Shu kunlarda “ko‘hna qit’a”da epidemiologik vaziyat murakkab. Bir tomondan “omikron”ning yangi — XBB.1.5 subvarianti keng tarqalayotgan bo‘lsa, boshqa jihatdan o‘tkir respirator virusli kasalliklar avj olyapti.
Bundan tashqari, mintaqada bir paytning o‘zida ham gripp, ham SOVID-19 infeksiyasini yuqtirgan bemorlar soni ko‘paymoqda. Mutaxassislar bunday holatlarga nisbatan “fluron” atamasini qo‘llayapti.
Hatto Ruminiyada nafas yo‘llari yallig‘lanishini keltirib chiqaradigan bir yo‘la uchta virus bilan kasallanish qayd etildi.
Mamlakat Milliy sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta bu yerda 102,8 ming kishida o‘tkir respirator virusli kasalliklar aniqlangan. Bu undan avvalgi haftaga nisbatan 37,9 foiz yuqori ko‘rsatkichdir. Qolaversa, 4,6 ming odamga gripp tashxisi qo‘yilgan. Bir hafta ichida ulardan 15 nafari vafot etgan.
Moldovada ham gripp asoratlari tufayli o‘lim ko‘rsatkichlari ortmoqda. Yangi yilda hayotdan ko‘z yumgan birinchi bemor 22 yoshda bo‘lgan. U xastalikning beshinchi kunida shifokorga murojaat qilgan.
Kasalxonaga juda kech borgan 44 yoshli ayolning taqdiri ham shunday yakunlandi. Tekshiruvlar davomida bemor o‘pkasi 65 foiz zararlangani aniqlandi. Ammo grippdan aziyat chekkan bu fuqaroning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmadi.
Ekspertlar prognoziga ko‘ra, kelgusi haftadan Yevropada COVID-19ga chalinish holatlari yanada ko‘payishi mumkin. Shu bois, mutaxassislar aholini koronavirusga qarshi buster dozada emlanish, jamoat joylarida tibbiy niqob taqish va shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.