Gripp mavsumi: JSST kasallikdan himoyalanish uchun 5 ta muhim tavsiya berdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge ko‘hna qit’a va Markaziy Osiyoning 53 mamlakatida mavsumiy grippdan yiliga 72 mingga yaqin kishi vafot etayotganini ma’lum qildi.
💬 “Ushbu o‘lim holatlarining aksariyatini oldini olish mumkin, — deydi u. — Buning uchun, eng avvalo, aholining immuniteti zaif qatlami xastalikka qarshi vaksinalar bilan “himoyalanishi” kerak”.
Qayd etilganidek, kuz-qish mavsumida gripp va koronavirusga chalinish xavfi ortadi. Ushbu kasalliklar katta yoshli kishilar, homilador ayollar va immuniteti zaif hamda surunkali kasalliklari bor odamlarda og‘ir asoratlar bilan o‘tishi mumkin.
➡️ Shu bois mazkur xavf guruhiga mansub qatlam bu davrda o‘z sog‘ligiga yanada e’tiborli bo‘lishlari lozim. Buning uchun JSST 5 ta eng asosiy ehtiyot chorasiga amal qilishni tavsiya qiladi.
1️⃣ Emlanish — mavsumiy respirator infeksiyalardan himoyalanishning eng maqbul yo‘li.
2️⃣ Gripp, O‘RVI, SOVID-19ga chalinganlar shifokorga murojaat qilishlari va imkon qadar uyda qolib davolanishlari zarur.
3️⃣ Jamoat joylarida niqob taqish — sizni xastalikni yuqtirishdan asraydi.
4️⃣ Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilib, qo‘llarning tozaligiga rioya qilish muhim.
5️⃣ Xonalarni tez-tez shamollatib turish tavsiya etiladi. Bu viruslarning ko‘payishi va keng tarqalishiga to‘siq bo‘ladi.
📌 Doktor Xans Klyugening ta’kidlashicha, ana shunday holatlarni inobatga olib, bu yil JSST tomonidan “Sizga qanday xavf tahdid solayotganini o‘zingizdan ko‘ra hech kim yaxshiroq bilmaydi” shiori ostida targ‘ibot kampaniyasi e’lon qilindi.