Shamollash nega og‘ir o‘tyapti?

Kanalimizda "Shu kunlarda o‘zingiz yoki oila a’zolaringiz grippga chalindimi?" savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazgandik. Ishtirokchilarning 78 foizi o‘zi yoki oila a’zolari shu kunlarda gripp kasalligini boshdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Keyingi kunlarda aholi orasida shamollash, gripp yana avj oldi, hatto koronavirus yana qaytalayaptimi, degan savollar ham paydo bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu masalada mutaxassislar nima deydi? Shamollash nega juda og‘ir o‘tmoqda? Shu savollar bilan viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi shifokorlariga murojaat qildik.

- Kuz-qish oylari ko‘pchilik shamollash yoki grippdan aziyat chekadi, - deydi viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi bo‘lim boshlig‘i Abduvali Ashulov. - Gripp har doim tarqalish tezligi va yetarlicha e’tibor bo‘lmaganda, og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan ma’lum bir muolajalarni talab etadigan xastalik. Buning ustiga, koronavirus infeksiyasi xavfi har daqiqa ehtiyot bo‘lish, o‘zini asrashni taqozo etmoqda. Dunyo yaqin yillarda kasallik alomatlari gripp bilan qariyb bir xil, ammo asoratlari juda og‘ir kechgan koronavirus xastaligini boshidan o‘tkazdi. Uning asoratlari nechog‘lik ekanligi bugungi kunda fanga noma’lum. U inson immunitetiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va qaysidir ma’noda organizmni kuchsizlantirgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun nafaqat kuz-qish oylarida, balki yil bo‘yi aholi o‘z salomatligiga e’tibor berishi, ayniqsa, organizmning immun tizimini oshirish uchun muhim bo‘lgan amallarni bajarib borishi lozim. Bu esa asosiy o‘zgarmaydigan qoidalar, ya’ni vitaminli mahsulotlarni doimiy ravishda iste’mol qilish, jismoniy mashqlarni kanda qilmaslik va boshqalar.

Afsuski, keyingi yillarda tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilishdan tobora uzoqlashib boryapmiz. Deylik, mayiz qimmat deymizu, lekin undan ikki baravar qimmatroq, qolaversa, zararli sanoat shirinliklari bilan dasturxonimizni to‘ldiramiz. 30 daqiqa vaqtimizni shunchaki sayr, piyoda yurishga qizg‘anamizu, ammo soatlab serial tomosha qilishni kanda qilmaymiz. Vaholanki, organizm shu kabi amallar bilan chiniqtirilsa, u shamollashni ham yengil o‘tkazadi. Koronavirus inson organizmiga qanday ta’sir o‘tkazgani hamon noma’lum bo‘lgan bir paytda, biz salomatligimizni shunday, o‘z holiga tashlab qo‘ya olmaymiz. Aks holda, oddiy shamollashni ham kuchli ukol-dorilar bilan davolashga to‘g‘ri kelmoqda. Va bugun shunday bo‘lyapti ham.

Shamollash kasalliklaridan yetarli darajada davolanmaganda, og‘ir respirator asoratlar rivojlanishi va o‘pkaning surunkali kasalliklari, masalan, pnevmoniyani kuchaytirishi mumkin.

Zotiljam (pnevmoniya) o‘pkaning o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishi kasalligi sirasiga kiradi. Nafas olish a’zolari xastaliklari ichida tez-tez uchraydi, aksariyat hollarda o‘pka to‘qimalaridagi alveola, oraliq to‘qima, mayda kapillyar qon tomirlari yallig‘lanadi. U burun, tomoq, bronx kasalliklarining ikkilamchi asorati sifatida ham paydo bo‘lishi mumkin. Xastalik ko‘proq yosh bolalar va keksalarda uchraydi, ammo bu boshqa yoshdagilarda kuzatilmaydi, degani emas. Bemor o‘z vaqtida, to‘g‘ri va samarali davolansa, undan asorat qolmaydi. Agar har xil bahonalarni pesh qilib, davolanishdan qochsa yoki noto‘g‘ri davolansa, turli asoratlar yuzaga keladi. Afsuski, hatto nimjon va immun tizimi past odamlar halok bo‘lishi ham mumkin.

Viruslar, gripp, paragripp, koronavirus va boshqalar ham zotiljam kasalligiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq zotiljam kasalligiga 50-57 foiz holatlarda pnevmokokklar sabab bo‘ladi. O‘tkir resperator kasalliklar, gripp va koronavirus keltirib chiqaradigan zotiljam esa epidemiya, hatto pandemiya sifatida avj olishi mumkin. Bu vaziyatda aksariyat holatlarda unga mikrob qo‘shiladi va kasallik shu tariqa og‘irlashadi.

Shifokor agar kasallik chaqiradigan infeksiya manbaini yaxshi va mukammal bilmas ekan, u faqat dori-darmonning quli bo‘lib qolaveradi.

O‘tkir zotiljam kasalligi har qanday yoshdagi odamda kuzatiladi. Ayniqsa, sovuqda yupun kiyinadigan, zax va yelvizakda qolganlar ko‘p chalinadi. Kasallik to‘satdan boshlanib, bemorning harorati 38-39 darajadan oshadi, eti uvishadi, sovqotadi, qaltirab, ko‘p terlaydi.

Dastlab quruq, keyin balg‘amli nam yo‘tal boshlanadi. Bu davrda bemorning ko‘krak qafasi sanchib og‘riydi. Nafasi qisilib, havo yetishmaslik boshlanadi. Ko‘krak atrofidagi og‘riq yo‘talganda va nafas olganda kuchayadi. Labi, burni va qulog‘i terisi biroz ko‘karadi. Hatto og‘iz va burni terisi atrofiga mayda pufakli toshma (uchuq) chiqadi. Ko‘krak qafasidagi og‘riq bemorning bir zaylda nafas olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bemor tez-tez, chala nafas olishga harakat qiladi. Hatto shilliq balg‘amga biroz qon qo‘shilishi mumkin. Hadeb yo‘talaverish uning tinkasini quritadi.

Bemorlar tana harorati ko‘tarilganda uyda qolishi, ko‘p suyuqlik ichishi, vitamin va oqsillarga boy ovqatlarni, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishi kerak. Kasallikning oldini olish chora-tadbirlari aholi va jamoatchilik kundalik hayotiga keng tatbiq etilishi lozim. Buning uchun tanani chiniqtirish, oqsil va vitaminlarga boy ovqatlarni o‘z vaqtida iste’mol qilishi zarur. Tomoq, burun va bronxlardagi har xil yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish, ayniqsa, o‘tkir bronxit va zotiljamni o‘z vaqtida davolatish, kasallikni keltirib chiqaradigan omillar, tamaki, nos chekish, sovuq kunlari yengil-yupun yurish, muzlatkichdan sovitilgan gazli, shakarli suyuq ichimliklarni ichish man qilinadi.

Asosiysi, grippga chalinganda ham iloji boricha shifokor maslahati asosida davolanishi lozim.