Hokim yordamchisi pora olgan vaqtida qo‘lga olindi
7 iyun kuni huquqni muxofaza qiluvchi organlarga, fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda Samarqand shahar Shukrona mahallasida maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xalq banki Samarqand shahar filialidan kredit olmoqchi bo‘lib yurgan vaqtida ushbu mahallada hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs uning ishonchiga kirib, bankdagi mansabdor tanishlari orqali 150 million so‘m miqdorida kredit chiqarib berish evaziga 1500 AQSh dollari miqdorida pul talab qilib kelayotganligini ma’lum qilgan.
U o‘z arizasida hokim yordamchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, Samarqand viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmatining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX viloyat boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari xamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Samarqand shahar Sayfi Saroy ko‘chasida joylashgan "Shukrona" mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yonida hokim yordamchisi ariza muallifidan 1500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.