Hokim Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi

Ayni kunlarda Samarqandda “O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Unda taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, teatr va kino aktyorlari, o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirok etmoqda.

Jomboy tumanida ham shunday uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Botir Ergashev, tuman hokimi Qayum Sobirov ishtirok etib, tumanda madaniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan yutuqlar haqida gapirdi.

– Qayum Sobirovning o‘zi ham adabiy faoliyat bilan faol shug‘ullanadi, – dedi B.Ergashev. – Hozirgacha uning 4 ta hikoya va qissalar to‘plami nashr etilgani tumaningiz hokimining o‘ziga xos iste’dodidan dalolat beradi. Q.Sobirovning ijodga bo‘lgan katta qiziqishi, adabiy to‘garaklar faoliyati rivojlantirishdagi xizmatlarini inobatga olib, ijodkor rahbarni Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilishga qaror qildik.

 Tadbirda, shuningdek shoir Yormamat Rustamovga ham O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.

- Bugun mening bir necha yillik orzuim amalga oshdi, - dedi Yo.Rustamov. - Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lish kasb yoki faxr emas, balki xalq, kitobxonlar oldidagi ulkan mas’uliyatdir. Endi yanada yaxshi ishlashimiz va yanada yaxshi natijalarga erishishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artista Fotima Rejametova, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Hilola Samiyevaning chiqishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.