Hokimga “yetib borish” osonmi?

Tan olaylik, bir necha yillar avval qiyin edi, imkonsiz edi. Boringki, hokimga yetib bordingiz ham deylik, ammo bu toifa rahbar bilan suhbatlashib baraka topmasdingiz. Hokimdan tepki yegan, so‘kish eshitganlar haqida ko‘pchiligimiz eshitganmiz, guvoh bo‘lganmiz.

Жомбой тумани ҳокими ўз аризасига кўра ишдан олинди — Sof.uz

Kimdir hokimga arz qilib, muammoimni hal qildim, degani ham juda kamyob hodisa edi. Prokuror, “nachalnik”da esa cheklanmagan vakolat bor edi.

Xo‘p, bugun vaziyat o‘zgardimi? O‘zgardi.

Hokimlar mahallaga chiqa boshlaganiga ham uch-to‘rt yilcha bo‘lib qoldi. Harqalay, bu ularning o‘ziga yoqadimi-yo‘qmi, odamlarni eshityapti, bunga odatlanyapti. Fuqaroni qabul qilish, xonadoniga borish hokimlarning uzviy ishiga aylanib ulgurdi.

Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov Shodlik mahallasida uchrashuv o‘tkazdi. Yigirma chog‘li murojaatchi va shuncha tashkilot rahbari. 

Ertalab soat to‘qqizlarga yaqin boshlangan qabul bir soatdan ortiq davom etmadi. Chunki mas’ullar ham shu yerda, arzchilar ham.

Masalan, bir otaxon ko‘chasi boshidagi transformatorda nosozlik borligi, elektr energiyasida tez-tez uzilishlar bo‘layotganini ma’lum qildi. O‘sha joyning o‘zida soha rahbari bilan birgalikda otaxon o‘zining ko‘chasiga jo‘natildi. Elektr energiyasi mas’uli o‘n daqiqalarda muammo nimada ekanligini bilib, vaziyat bo‘yicha hokimning oldida fuqaroga ma’lumot berdi. Muammo transformatorda emas, havo liniyalarining eskirib ketganligida ekan. Tarmoq yangilansa, elektr energiyasidagi uzilishlar bartaraf bo‘lishi va bu ish qachon amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Tabiiy yoki suyultirilgan gaz, ko‘cha va tungi yoritkichlar, shaxsiy muammolar aytildi.

Boshqa bir ayol singlisi vafot etgani va ikki nafar jiyani o‘zining qaramog‘ida qolganini bildirdi. Ayni vaqtda jiyanlari xarobaroq, noturar joyda yashab kelayotgani, oziq-ovqati o‘zining zimmasida ekanini bildirdi. Katta jiyani voyaga yetgan, kichigi maktab bitiruvchisi ekan.

“Jiyanim sportga qiziqadi. Soha bo‘yicha o‘rta-maxsus ta’limini olgan. Tumandagi biror maktab yoki BO‘SMda to‘garakka rahbarlik qilishi mumkin. Shu masalada amaliy yordam bering” dedi hokimga.

Hokim “Bo‘ldi, falon maktabga aytaman, jiyaningizni ishga olishadi” demadi. Sir emas, ba’zan hokimlarning gapi qonundan ustunroq turadi. Shunday desa ham bo‘lardi, xalq ta’limi boshlig‘i shu yerda edi, biror maktabda to‘garakka rahbar bo‘lishi ham mumkin edi jiyan. Hokim unday qilmadi. Aka-ukalar hujjatlarini olib o‘zining qabuliga kelishini, ular bilan suhbatlashib, qiziqishi, xohishiga ko‘ra ish tutishini bildirdi. “Ular sizning jiyaningiz bo‘lgani bilan o‘z oilangiz bor, oson emas. Yonimga olib keling, kattasiga tayinli ish topishimiz, kichigining esa ta’lim-tarbiyasini nazoratga olishimiz kerak” dedi Sobirov.

Shu kabi murojaatlar va munosabatlar hammaning ko‘z o‘ngida bo‘ldi. Murojaatchilar hokimning oldida o‘zini yo‘qotgani yo‘q. Hokim ham hammaga “Bo‘ldi, boravering, ishingizni hal qilishadi” demadi. “Haqqingiz yo‘q, imkoniyatimiz yo‘q” degan gaplar ham bo‘ldi.

Aslida muhimi shu. Sizni eshitishsin. Muammoingiz havoda muallaq qolmasa bo‘ldi. Nega menga moddiy yordam berilmayapti, deb o‘nlab eshiklarda sarson bo‘lgandan ko‘ra, nega o‘sha yordamni ololmasligingiz sababini bilish odamni kamroq qiynaydi.

Ochig‘i, bu kabi ochiq muloqotlarda hamma narsa hal bo‘lib ketadi, degan fikr, xulosa yo‘q. Hokim mas’ul rahbarga “bajar, fuqaro haq” degandan keyin ham muammo hal etilmasligi, murojaatchi sarson bo‘lishi mumkinligiga ishonaman. Hokim ham shu odamdan hozir qutulsam bo‘ldi qabilida ish tutishi mumkin ba’zida. Ammo fuqaroni bir umr aldab bo‘lmaydi. Bugun bo‘lmasa, ertaga haq bo‘lgan murojaatchi masalani ko‘ndalang qo‘ya oladi. Hokim ham bergan va’dasi uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi. Javob bermasa, odamlar ishonmay qo‘yadi. Bunisi yomon.

Tan olaylik, hokimlarga bugun yetib borish qiyin emas.

Isomiddin Po‘latov.